Uchrashuv davomida ikki Davlat rahbarlarining samarali siyosati tufayli ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar soʻnggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani va jadal rivojlanishda davom etayotgani taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy va iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishga oid qoʻshma amaliy chora-tadbirlarni bajarishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tomonlar investitsiyaviy hamkorlik va ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish sohalarida ulkan ishga solinmagan salohiyat mavjudligini alohida taʼkidladilar. Bunda, tomonlar yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan hamda import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarni tashkil etish va istiqbolda uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish borasida oʻzaro munosabatlarni yana-da rivojlantirishning ahamiyati haqida yakdil fikr bildirdilar. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi Tojikistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan birgalikda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha istiqbolli sohalarni tahlil qilish va ushbu tarmoqlarda aniq loyihaviy takliflarni ishlab chiqish choralarini koʻrishiga kelishib olindi. Shuningdek, oʻzbek va tojik ishbilarmonlar doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish uchun qoʻshma biznes-forumlar oʻtkazish tashabbusi maʼqullandi.

Tomonlar oʻzaro savdoning barqaror oʻsishini taʼkidladi: oʻtgan 4 yil mobaynida bu koʻrsatkich 4 barobardan ziyod oshdi. Tovar yetkazib berishda geografik yaqinlik va transport xarajatlarining kamligi tufayli oʻzaro tovar ayirboshlashni oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan mavjud texnik toʻsiqlarni bartaraf etish, savdo tartiblarini soddalashtirish va mahsulotlarning ikki mamlakat bozorlariga qulay kirishini taʼminlash orqali oʻzbek va tojik ishlab chiqaruvchilari uchun yana-da qulay shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutgan holda yaqin yillarda oʻzaro savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish boʻyicha amaliy hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Tomonlar, shuningdek, makroiqtisodiy prognozlash, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va elektron tijorat sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari ekspertlari savdo aylanmasini kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun qisqa muddatda “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kirishishlari belgilandi.

Muloqot chogʻida Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyasining 8-yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil iyun oyida Tojikiston Respublikasiga boʻladigan tashrifining kun tartibini tayyorlash boʻyicha ishlarni davom ettirish va faollashtirishga kelishib oldilar.

Muzokaralar yakunida belgilangan vazifalar ijrosini jadallashtirish va qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish maqsadida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasida ikki tomonlama aloqalarni faollashtirishga kelishildi.