MOXI maʼlumotiga koʻra, uchrashuvda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslangan hamkorlikni yana-da rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan atroflicha va konstruktiv fikr almashildi.

Ikki qardosh davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari natijasida soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi munosabatlar butunlay yangi mazmun kasb etib, strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgani taʼkidlandi.

Qisqa davr ichida siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik barcha yoʻnalishlarda kengayib borayotgani alohida qayd etildi.

Muloqot davomida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga kutilayotgan rasmiy tashrifi koʻp qirrali munosabatlar rivojiga yangi turtki berishi, ikki davlat va xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan amaliy tashabbuslarni belgilab berishiga ishonch bildirildi.

Tomonlar konstruktiv va oʻzaro manfaatli oʻzbek-tojik hamkorligini mustahkamlashga hissa qoʻshishga tayyor ekanini tasdiqladi.