“Esenbog‘a” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va rafiqasi kutib oldi.

Ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

Davlat rahbarlari va birinchi xonimlar qisqa uchrashuv o‘tkazdilar.

Suhbatda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Bugun Oqsaroy qarorgohida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Muzokaralarda siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, energetika, madaniyat, gumanitar soha va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqiladi.

Anqara shahridagi tadbirlar doirasida Xatay viloyatining Arsuz tumanida “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ochilishi va Istanbulda o‘zbek maktabining qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosim ham bo‘lib o‘tadi.