“Oʻzbekiston qayta sugʻurta kompaniyasi” milliy qayta sugʻurta tashkiloti tashkil etiladi

    “Mamlakatimizda qayta sugʻurta tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-191-son, 23.05.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, qayta sugʻurta tizimini 2025-yilda yanada takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:

    • milliy qayta sugʻurta bozori hajmini 4 trln soʻmga yetkazish;
    • qayta sugʻurta xizmatlari eksportini kamida 30 foizga oshirish;
    • xalqaro hamkorlikni kengaytirish va qayta sugʻurta sohasiga jalb qilinadigan investitsiyalar hajmini 150,0 mlrd soʻmgacha oshirish.

    Qarorga koʻra, “Oʻzbekiston qayta sugʻurta kompaniyasi” milliy qayta sugʻurta tashkiloti (Kompaniya) tashkil etiladi va uning faoliyati asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

    • sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq barcha qayta sugʻurta qilish turlarini amalga oshirish;
    • xorijiy va mahalliy investorlarning respublika iqtisodiyotiga kiritadigan toʻgʻridan-toʻgʻri va portfel investitsiyalarining hamda investitsiya loyihalari boʻyicha tavakkalchiliklarning kompleks qayta sugʻurta himoyasini taʼminlash.