YAshnobod tumanidagi Texnoparkda yurtimizga kelgan nufuzli mehmonlar ishtirokida O'zbekiston-Qirg'iziston biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig'ilishi o'tkazildi.
Tadbirda ikki mamlakatning mas'ul vazirlik va idora vakillari, 250 dan ortiq tadbirkorlik sub'ektlari ishtirok etdi. Uchrashuvni mezbon tomon — O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari, Investitsiya va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqovning xalqlarimiz o'rtasidagi azaliy do'stlik munosabatlari, bu boradagi istiqbolli maqsad va vazifalar haqidagi samimiy nutqi bilan ochib berdi. Qirg'iziston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri U.Karmishakov esa ushbu keng ko'lamdagi biznes forumni tashkil etgan mutasaddilarga minnatdorchilik bildirar ekan, uning ikki mamlakat uchun ahamiyati, kelgusida hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar haqida to'xtaldi.
Ta'kidlanishicha, o'tgan yili O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi o'zaro savdo aylanmasi 903,1 millon AQSH dollar, eksport hajmi 756,6 million dollar, import hajmi esa 146,5 million dollarni tashkil etdi. 2021-yil 1-yanvar holatiga ko'ra, O'zbekistonda qirg'iz kapitali ishtirokidagi 183 ta korxona faoliyat yuritayotgan bo'lib, shundan 104 tasi qo'shma korxona, 79 tasi yuz foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi.
Biznes forum davomida 20 dan ortiq tadbirkorlik yo'nalishi bo'yicha mahsulot va xizmatlar ko'rgazmasi ham tashkil etildi. Unda respublikamizning turli burchaklaridan kelib, o'zlarining taqdimot materiallari bilan ishtirok etgan yurtimiz tadbirkorlari mehmonlarni O'zbekistonnig iqtisodiy salohiyati bilan tanishtirdi.
— Viloyatimiz va Qirg'iston tadbirkorlari o'rtasida yaxshi hamkorlik aloqalari o'rnatilgan. Bugungi tadbir orqali o'zaro kelishuvlar ko'lamini yanada kengaytirish, yangi xaridorlar topishni maqsad qilganmiz, — dedi Buxoro viloyati investitsiya boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Furqat Tilloev. — Ko'rgazmada tekstil, sanoat, ipakchilik, tibbiyot va boshqa yo'nalishlarda faoliyat yuritadigan bir qancha tadbirkorlarimiz qatnashmoqda. Ulardan biri “Tib texnika” MCHJ bo'lib, korxona yurak-qon tomirlariga dori qoplamali koronaro'tkazgich, diagnostik kateter, qizilo'ngach stendlari kabi 8 turdagi tibbiy buyumlar ishlab chiqarish bo'yicha O'rta Osiyoda yagona hisoblanadi. Ishlar Janubiy Koreyaning 5 ta kompaniyasi bilan hamkorlikda olib boriladi. 2020 yilda 350 ming dollardan ortiq mahsulot eksport qilindi. Kelgusida ishlab chiqarish jarayonini to'liq mahalliylashtirish hisobiga o'zimizdagi mavjud talabni qondirish va mahsulot tan narxini yanada arzonlashtirish ko'zda tutilgan.
Biznes forumning keyingi qismi ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining “B2B” formatidagi uchrashuvlari bilan davom etdi. Tadbirkorlar o'rtasida kechgan qizg'in muzokaralar bir qator hamkorlik to'g'risidagi kelishuvlarning imzolanishi bilan yakunlandi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri