Chorvachilik, yengil sanoat, kimyo, farmatsevtika va oziq-ovqat sohasida qiymati 60 mln dollardan ziyod boʻlgan 550 loyihani oʻz ichiga olgan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning ijro etilishi muhokama qilindi. Amalga oshirilayotgan loyihalarni foydalanishga topshirish bilan bogʻliq masalalar, shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston-Qirgʻiziston savdo aylanmasida sezilarli oʻsish kuzatilganligi taʼkidlandi. Jumladan, oʻtgan 4 yil mobaynida oʻzaro savdo hajmi 5 barobardan ziyod oshdi hamda pandemiya va inqirozdan keyingi davrda ijobiy dinamikani saqlab qoldi. Tomonlar ikki mamlakat iqtisodiyotlarining yuksak salohiyatini qayd etib, tovar ayirboshlashni diversifikatsiya qilish hamda yaqin kelajakda uning hajmini 2 milliard dollarga yetkazishga doir qoʻshma chora-tadbirlarni muhokama qildilar. Bu borada yengil sanoat, oziq-ovqat, elektrotexnika, metallurgiya, neft-kimyo sanoati, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmoqlari istiqbolga ega sohalar hisoblanadi.
Transport va logistika yoʻnalishidagi hamkorlik masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, ikki davlatni bogʻlovchi transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish bilan bogʻliq qator loyihalar, shuningdek, multimodal yetkazib berish zanjirlari uchun tarif va notarif shart-sharoitlarni yaxshilash boʻyicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Ushbu choralar majmui oʻzaro yuk tashish hajmini sezilarli darajada oshirishga imkon beradi.
Tomonlar mintaqalararo hamkorlikni izchil rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Xususan, joriy yilda Namangan va Jalolobodda boʻlib oʻtgan ikki tomonlama biznes-forumlar natijalari koʻrib chiqildi. 2022-yilning birinchi choragida ikkala mamlakatning chegaraoldi hududlar rahbarlari Kengashining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida mavjud kelishuvlarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida hamkorlikni yanada kuchaytirish borasida qoʻshimcha kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.