O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasiga Malayziyadan mutaxassislar jalb etiladi

    Mamlakatimiz diplomatik vakolatxonasi ko‘magida Malaziya qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va ishlanmalari instituti (MARDI)  va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi vakillari o‘rtasida onlayn-uchrashuv tashkil etildi.

    Unda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotishda subyektlar o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asoslarini keng joriy etish, sohaga kiritilayotgan investitsiyalar va bu borada tashkil etilgan Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi faoliyati bo‘yicha batafsil maʼlumot berildi.

    Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha Malayziya tajribasini o‘rganish, mazkur sohada ushbu mamlakat mutaxassislari va agronomlarini O‘zbekistonga jalb etish va ikki tashkilot o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

    Muzokaralar natijasida tomonlar malayziyalik qishloq xo‘jaligi mutaxassilari va agronomlarini O‘zbekistonga yuborish, shuningdek, Malayziya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligi hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida Anglashuv memorandumini imzolash imkoniyatlarini o‘rganiish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.