“Oʻzbekiston qishloq aholisining qariyb uchdan ikki qismi qishloq xoʻjaligi hisobiga kun koʻrmoqda va ularning koʻpchiligi oziq-ovqatga boʻlgan jahon talabi oʻsib borayotganini oʻzida his qilmoqda, - deyiladi maqolada. - Bu bosimni kamaytirish uchun Oʻzbekiston 2030-yilgacha qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qaratilgan tarmoq dasturi boʻyicha rejalarni amalga oshirishni tezlashtirdi”.
Nashrda qayd etilganidek, mazkur dastur doirasida qishloq xoʻjaligi mahsuldorligini oshirish maqsadida 1,1 million gektar tashlandiq yerni bosqichma-bosqich tiklash boshlandi. Maʼlumotlarga koʻra, asosiy eʼtibor lalmikor va yaylovlarni oʻzlashtirish yoʻli sifatida suvni tejaydigan texnologiyalar, jumladan, diskret sugʻorish va egiluvchan quvurlarga, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yoʻli sifatida ekinlarni diversifikatsiya qilishga qaratilgan.
“Bundan tashqari, yuridik va jismoniy shaxslarga qishloq xoʻjaligi yerlari ikkilamchi ijaraga berildi, yordamchi xoʻjaliklarda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish kafolatlandi, paxta xomashyosi va gʻalla uchun davlat tomonidan belgilangan xarid narxlari bekor qilindi”, - deya xabar bermoqda CNN.
Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonning ochlik va qashshoqlikka qarshi kurashish strategiyasi doirasida u BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan “Kelajak avlod uchun “aqlli” qishloq xoʻjaligi” loyihasi boʻyicha kuchlarni birlashtirgan. Uning maqsadi barqaror ishlab chiqarishni taʼminlash, shuningdek, issiqxona sabzavotlarini yigʻishdan keyin qayta ishlash va sotish uchun ilgʻor texnologiyalardan foydalanishdir.
“Ushbu loyiha qishloq xoʻjaligining kelajagi ilgʻor texnologiyalar ekanini isbotlamoqda. Ayniqsa, issiqxonalar haqida gap ketganda bu fikr yanada dolzarbdir. Loyiha iqlim sharoitini boshqarish, hosildorlik darajasini oshirish va nazorat jarayonlarini optimallashtirishga xizmat qiladi. Oʻzbekiston fermerlari uchun bu barqaror iqlim taʼsiriga dosh bera oladigan va agrobiznesning keyingi avlodiga xizmat koʻrsatish uchun yetarli darajada moslashuvchan aqlli infratuzilmani yaratish imkoniyatini beradi”, - deyiladi maqolada.
“Cable News Network” (CNN) — shtab-kvartirasi Jorjiya shtatining Atlanta shahrida joylashgan boʻlib, 1980-yilda tashkil etilgan va tunu-kun yangiliklarni yorituvchi birinchi telekanal xisoblanadi. CNN doimiy obunachi sifatida dunyo boʻylab 449 milliondan ortiq teletomashabinga ega. Ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilar soni: Tvitter – 53,3 million kishi, Feycbuk – 38 million kishi, Instagram – 14,7 million kishi.