Ikki tomonlama savdoni yanada rivojlantirish va bu yoʻnalishda qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Oʻtgan 4 yil mobaynida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 60 foizga oshib, 2020-yilda 3 milliard dollardan oshgani qayd etildi. Joriy yilning noyabr oyi yakunlari boʻyicha oʻzaro savdo hajmi 3,1 milliard dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 37 foizga oʻsdi.
Keyingi 5 yil davomida oʻzaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish vazifasini amalga oshirish yuzasidan navbatdagi tadbirlar belgilandi. Mavjud boʻlgan savdo toʻsiqlarini bartaraf etish hamda ikki davlatning transport, logistika va tranzit salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi. Shu munosabat bilan ikki davlatni bogʻlovchi avtomobil va temir yoʻl infratuzilmalarini rivojlantirish boʻyicha ustuvor loyihalar muhokama qilindi.
Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini muntazam va tezkor yetkazib berish boʻyicha joriy etilgan “Agroekspress” logistik loyihasiga Qozogʻiston qoʻshilishining istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar sertifikatlashtirish jarayonlarini uygʻunlashtirish, bojxona rasmiylashtiruvi masalalarini hamda chegaradan oʻtish tartib-taomillari ustida ishlash boʻyicha qoʻshma ishchi guruhini tashkil etishga kelishib oldi.
Ikki mamlakatning chegara hududida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi. Ushbu tashabbusni ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarini jalb qilgan holda hayotga tatbiq etish boʻyicha navbatdagi tadbirlar rejalashtirildi.
Suvdan foydalanish va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, Orolboʻyi mintaqasida ekologik muvozanatni tiklash hamda Orol dengizining qurishi oqibatlarini bartaraf etish sohasidagi masalalarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Kun tartibidagi boshqa masalalar qatorida Qozogʻiston tomonining 2022-yilda Nukus shahrida boʻlib oʻtadigan 1-Xalqaro Orolboʻyi forumida ishtirok etishining istiqbollari ham koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida koʻrib chiqilgan ikki tomonlama hamkorlik masalalari boʻyicha alohida kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.