Oʻzbekiston Qurolli kuchlari jamoasi “Kembriya patruli 2024” xalqaro musobaqasida kumush medalni qoʻlga kiritdi

    Harbiy 8 Oktabr 2024 1190

    Shu yil 4-7-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Qurolli kuchlari jamoasi Uelsda (Buyuk Britaniya) oʻtkazilgan dunyoning eng murakkab va nufuzli xalqaro harbiy musobaqalaridan biri – “Kembriya patruli”da yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.

    Joriy yildagi musobaqalarda 30 dan ortiq mamlakatlardan, jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Hindiston, Germaniya, Latviya, Qozogʻiston, Turkmaniston, Italiya va boshqa davlatlardan 100 dan ortiq jamoa ishtirok etdi. Har bir jamoa 70 kilometrdan ortiq masofani bosib oʻtib, eng murakkab tabiiy va taktik toʻsiqlarni yengdi. Har 8-10 kilometrda marshrutning turli joylarida ishtirokchilar kimyoviy va biologik tahdid sharoitida harakat qilish, hujum operatsiyalari va murakkab joylarda yoʻnalishni topish kabi jangovar vazifalarni bajardilar.

    Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi yuqori darajadagi professionalizm va jamoaviylikni namoyish etib, oʻz guruhida 13 jamoa orasida birinchi oʻrinni egalladi. Ular barcha bosqichlarda muvaffaqiyatli tarzda zararlangan hududlardan oʻtib, taktik operatsiyalardagi mahoratini koʻrsatib, marshrutni birinchilar safida yakunladilar.

    Umumiy natijalarga koʻra, Oʻzbekiston jamoasi kumush medalga sazovor boʻldi.

    Shuni alohida taʼkidlash kerakki, britaniyalik harbiy mutaxassislar Oʻzbekiston harbiy xizmatchilarining tayyorgarlik darajasini yuksak baholab, ularning professionalizmi va jangovar vazifalarni bajarishdagi mukammal koʻnikmalarini eʼtirof etdilar, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Kembriya patruli” 60-yildan buyon muntazam oʻtkazib kelinadi. Musobaqa dunyo boʻylab harbiy boʻlinmalarni haqiqiy jangovar sharoitlarda ularning jangovar koʻnikmalari va chidamliligini sinovdan oʻtkazish uchun birlashtiradi. Unda ishtirokchi boʻlinmalar 48 soatdan kamroq vaqt ichida 70 km masofani bosib oʻtib, koʻplab harbiy manyovrlar va patrullik vazifalarini bajaradilar. Mashgʻulotlar Uelsning markaziy qismidagi togʻlar va botqoqliklar kabi oʻtish qiyin boʻlgan hududlarda oʻtkaziladi.

    “Kembriya patruli” birinchi marta 1959-yil avgustda general-mayor Lyuis Pyu tomonidan tashkil etilgan boʻlib, oʻsha vaqtda boʻlinmalar Uelsning gʻarbiy qirgʻogʻidagi Tonfanau shahridan Kembriya togʻlari boʻylab uzoq masofaga marsh-brosok oʻtkazgan. Shundan buyon mashgʻulotlar doimiy ravishda yangilanib, zamonaviy sharoitlarga moslashtirildi.

    Musobaqalarda jamoalar sakkiz nafar erkak yoki ayollardan tashkil topgan holda murakkab hududlarda patrullik qiladi. Bu sinov liderlik qobiliyati, oʻz-oʻzini boshqarish, jasorat, jismoniy chidamlilik va qatʼiyatlikni talab etadi.

    Odatda mashgʻulotlar jamoalar uchrashuv joyiga yetib kelgandan keyin boshlanadi, bu yerda ularning jihozlari tekshiriladi va zarur barcha anjomlar bor-yoʻqligi aniqlanadi. Shundan soʻng, jamoa komandiri buyruqni qabul qiladi, qolgan aʼzolar esa tezda oʻzlariga boshpana tayyorlaydilar, jangovar tayyorgarlik koʻradilar va buyruqni olishga hozirlik koʻradilar, yaʼni ular patrullik qiladigan hududning maketini tayyorlaydilar. Koʻplab jamoalar musobaqani yakunlay olmaydi, marraga yetib borganlar esa uchta mukofot – oltin, kumush yoki bronza medallaridan birini qoʻlga kiritadi.