Bugun, 3-iyul kuni Vazirlar Mahkamasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Afgʻoniston delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda davlatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasidagi aloqalar doʻstlik, hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslanib, rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.
Tomonlar iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika, transport-logistika, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qilishdi. Oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha aniq choralar belgilandi.
Shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida aloqalarni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Afgʻoniston delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi 6-iyulga qadar davom etadi. Tashrif doirasida bir qator vazirlik va idoralar bilan uchrashuvlar, ikki tomonlama biznes-forum hamda Afgʻoniston mahsulotlari koʻrgazmasi oʻtkaziladi.
Shu bilan birga, mehmonlar Toshkent va Samarqand shaharlaridagi qator ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyuradi hamda xalqimizning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishadi.