2020 yil 21 dekabr` kuni O'zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasining yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda Komissiya a'zolari, senatorlar, YOshlar parlamenti a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, mahalliy hokimliklar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yig'ilishni Oliy Majlis Senati Raisi, O'zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo'yicha komissiyasi raisi T.Narbaeva olib bordi.

Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasida gender tenglikni ta'minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar, Zo'rlik ishlatishdan jabr ko'rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o'z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari faoliyatini o'rganish natijalari, qolaversa, Komissiya huzuridagi “Nodavlat notijorat tashkilotlar birlashmasi”ning joriy yilda olib borgan ishlari muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ular uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlash borasidagi ishlar izchillik bilan olib borilmoqda. Jumladan, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama ta'minlashga qaratilgan me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Bugungi kunda boshqaruv lavozimlarida ayollarning ulushi 26,6 foizga etkazildi. Bundan tashqari, o'tgan yilgi saylovlarda respublikamizda birinchi marta Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlar orasida ayollar ulushi 32 foiz, Senat hamda mahalliy Kengashlarda esa qariyb 25 foizni tashkil etdi. Vaholanki, avvalgi chaqiriqda bu ko'rsatkichlar ikki barobarga kam bo'lgan.

Qolaversa, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari bo'yicha maslahat kengashlari faoliyati tashkil etildi.

Joriy yildan boshlab davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlarning bilim olish imkoniyatlari yanada kengaytirilib, oliy ta'lim muassasalariga 4 foizli davlat grantlari ajratildi. Mazkur yangi tizim asosida 2020 yilda 950 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar o'qishga qabul qilindi.

YAna bir jihat. 2020 yilning o'tgan davri davomida 166,3 ming nafar xotin-qiz doimiy ishga joylashtirildi. 31,1 ming nafari kasbga o'qitildi, 48,4 ming ishsiz ayollarga ishsizlik nafaqasi tayinlanib, ijtimoiy muhofazaga olindi.

Har bir hududda “Ayollar tadbirkorligi markazlari” tashkil etilib, tegishli maqsadli jamg'armalar va tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratildi. O'tgan davr mobaynida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 224 mingdan ortiq xotin-qizlarga jami 6,9 trln. so'm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilishi ta'minlandi. SHu bilan birga, ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga muhtoj hamda kasb-hunar o'rganishga ehtiyoji bo'lgan ishsiz xotin-qizlar bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari”ni yuritish yo'lga qo'yildi.

Qolaversa, joriy yilda Oliy Majlis Senati, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda xotin-qizlarning muammolarini hal etish va ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi tizim yaratildi. Unga asosan, har bir tuman va shahar uchun alohida “Yo'l xaritasi” tasdiqlanib, uning ijrosi doirasi oilasida nogironligi bo'lgan 4,7 ming nafardan ziyod ayollarga maishiy texnikalar olib berildi. 18,6 mlrd. so'm mablag' hisobiga 1 ming 40 nafar og'ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning uy-joy sharoitlari yaxshilandi.

Shuningdek, yig'ilishda mazkur yo'nalishda o'z echimini kutib turgan bir qator muammolar mavjudligi ta'kidlandi. Jumladan, xotin-qizlarning bandligini ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlar ham qoniqarli emasligi, oilaviy va xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilgan kreditlarni maqsadsiz ishlatish holatlari aniqlanganligi ta'kidlandi.

Mazkur masala yuzasidan tegishli vazirliklar rahbarlari hamda mahalliy hokimliklar mas'ullarining axboroti eshitildi.

Bundan tashqari, yig'ilishda Zo'rlik ishlatishdan jabr ko'rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o'z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari faoliyatini o'rganish natijalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, so'nggi yillarda xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlik holatlari dolzarb muammo sifatida yuzaga chiqmoqda. Bu illatlarni yo'qotish uchun, avvalo, huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish zarurati yuzaga keldi va shu maqsadda maxsus qonun qabul qilindi. Himoya orderi, reabilitatsiya markazlari (shelterlar), “ishonch telefoni”, “Najot” mobil ilovalari kabi ayollar bilan muloqot qilish tizimlari yaratildi. Qolaversa, joriy yilning 25 noyabridan 10 dekabriga qadar “Zo'ravonlikka qarshi 16 kun” kampaniyasi o'tkazildi.

Biroq erishgan natijalar qatorida kamchiliklar mavjudligi yig'ilishda qayd etildi. Birgina joriy yilning 11 oyi davomida ichki ishlar organlari tomonidan turli tazyiq va zo'ravonliklarga uchragan 11 ming 138 nafar xotin-qizga himoya orderi berilgan. Ularning 9 ming 916 nafari, ya'ni 89 foizi oilada tazyiq va zo'ravonlikka uchragan. Ularning 5 ming 418 nafariga nisbatan jismoniy zo'ravonlik sodir etilgan, natijada 652 ta oila ajrashib ketgan.

Yig'ilishda bu borada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi raisi F.eshmatova axborot berdi.

Shu bilan birga, Komissiya huzuridagi “Nodavlat notijorat tashkilotlari birlashmasi”ning joriy yilda amalga oshirgan ishlari muhokama qilindi. Mazkur masala yuzasidan Birlashma rahbari D.Kabulova so'zga chiqib, bugungi kunda nodavlat tashkilotlari oldida turgan muammolar va ularning echimlariga to'xtaldi.

Yig'ilishda ta'kidlanganidek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari muhim ahamiyat kasb etadi. Ularni mazkur jarayonlarga keng jalb qilish orqali Milliy maqsadlarga tez va sifatli erishish mumkin. Biroq bugungi kunda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining imkoniyatlaridan to'liq foydalanilmayapti.

Shuningdek, yig'ilishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha taklif va tavsiyalar bildirilib, vazifalar belgilab oolindi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Senatining axborot xizmati