“Katta Kavkaz: dengizdan dengizgacha” deb nomlangan plenar sessiyasida maʼruzachi sifatida soʻzga chiqqan Laziz Kudratov ikki davlat rahbarlari tomonidan oʻzaro savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazish boʻyicha qoʻyilgan vazifani bajarish uchun Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hududlararo hamkorlikni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.
Rossiya Federatsiyasi Oʻzbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biridir. Oxirgi 7-yilda Oʻzbekistonning Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobar oʻsdi va 2023-yil yakuniga koʻra qariyb 10 milliard dollarga yetdi. Asosiysi, oʻzaro yetkazib berilayotgan tovarlar tarkibi yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar hisobiga sifat jihatidan oʻzgarib boryapti.
Shuningdek, munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari qatorida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish uchun yangi qoʻshma sanoat zonalarini tashkil etish, qoʻshma moliyalashtirish vositalarini shakllantirish, turizmni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish ham belgilandi.
Bu borada ikki davlat prezidentlari raisligidagi Oʻzbekiston va Rossiya hududlari kengashining ahamiyati katta. Oʻzbekiston -Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida ushbu hududlararo hamkorlik platformasi imkoniyatlarini yanada oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni koʻrish muhimligi taʼkidlandi.
Maʼruzachi Rossiya hududlari va Rossiya biznesi vakillarini Oʻzbekistonda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, oʻzaro manfaatli yangi loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga chaqirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.