Oʻzbekiston Respublikasi ilk marta milliy valyutada “yashil” maqomiga ega suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirdi

    Soʻmda chiqarilgan ushbu suveren xalqaro obligatsiyalar MDH davlatlari ichida ilk “yashil” suveren obligatsiyalar hisoblanadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi ilk bor 4,25 trln soʻm miqdoridagi yashil suveren xalqaro obligatsiyalar hamda 660 mln dollar miqdoridagi xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida joylashtirdi.

    Maʼlumot uchun: joriy yilning 2-4-oktyabr kunlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank vakillaridan iborat Oʻzbekiston Respublikasining delegatsiyasi Nyu-York, Boston va London shaharlarida 50 dan ortiq investorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Uchrashuvlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, yashil iqtisodiyotga oʻtish, tabiiy gaz va elektr energiyasi narxlari bozorini liberallashtirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish hamda Xalqaro savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish orqali savdoni erkinlashtirish siyosati hamda “Oʻzbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar va chora-tadbirlar investorlar tomonidan yuqori baholandi.

    Shuni taʼkidlash joizki, soʻmda chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalar MDH davlatlari ichida ilk “yashil” suveren obligatsiyalar hisoblanadi.

    Maʼlumot uchun: yashil obligatsiyalar boʻyicha kelib tushadigan mablagʻlar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, temir yoʻl transporti va metro transportini rivojlantirish, sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni taʼminlash, shamol eroziyasiga va suv xoʻjaligi obyektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish kabi yashil loyihalarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi. Bunda loyihalarni tanlab olish jarayoniga Birlashgan millatlar tashkilotining rivojlanish dasturi (UNDP) jalb qilingan. Yashil obligatsiyalar dasturi boʻyicha “Sustainalytics” tomonidan ikkinchi taraf ijobiy xulosasi olingan.

    Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutadagi “yashil” obligatsiyalariga boʻlgan yuqori talabni inobatga olib, 3 yillik soʻmdagi xalqaro obligatsiyalarning foiz stavkalarini (kupon toʻlovi) kutilgan 18 foizdan 16,25 foizga tushirishga muvaffaq boʻlindi. Mazkur tranzaksiya bilan soʻndirish muddati joriy yilning 23-noyabr kuni boʻlgan 1,9 trln. soʻm miqdoridagi xalqaro obligatsiyalar muddatidan oldin soʻndirildi.