Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992-yilning 8-dekabrida Respublika Oliy Kengashida qabul qilingan edi. Konstitutsiya bilan davlat va jamiyat rivojlanishining demokratik tamoyillari belgilab qoʻyilgan. Respublikada roʻy berayotgan demokratik oʻzgarishlar davomida Konstitutsiyaga ham oʻzgarishlar kiritib kelinmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hozirgi kunga qadar 14-marta oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan:
- 1993-yil 28-dekabrda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 77-moddasi 1-qismidagi “150 nafar deputatdan” degan soʻzlar “deputatlardan” degan soʻz bilan almashtirildi;
- 2002-yil 27-yanvarda oʻtkazilgan umumxalq referendumi natijalariga koʻra hamda uning asosida 2003-yil 24-aprelda qabul qilingan Qonuniga muvofiq, Konstitutsiyaning XVIII, XIX, XX, XXIII boblariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilgan;
- 2007-yil 11-apreldagi Qonun bilan Konstitutsiyaning 89-moddasiga, 93- moddasining 15-bandiga, 102-moddasining ikkinchi qismiga tuzatishlar kiritilgan;
- 2008-yil 25-dekabrda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 77-moddasi birinchi qismiga oʻzgartish kiritilgan;
- 2011-yil 18-aprelda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyasining 78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan;
- 2011-yil 12-dekabrda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 90-moddasi ikkinchi qismiga tuzatish kiritilgan;
- 2014-yil 16-aprelda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 32, 78. 93, 98, 103 va 117-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan;
- 2017-yil 6-aprelda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 80, 81, 83, 93, 107, 110 va 111-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan;
- 2017-yil 31-mayda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 80, 93, 108, va 109-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan;
- 2017-yil 29-avgustda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 99 va 102-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan;
- 2018-yil 15-oktyabrda qabul qilingan Qonun bilan 105-moddaning birinchi qismidagi “ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini” degan soʻzlar “raisni (oqsoqolni)” degan soʻzlar bilan almashtirilgan;
- 2019-yil 18-fevralda qabul qilingan Qonun bilan 80 va 93-moddalariga oʻzgartirish kiritilib, Milliy xavfsizlik xizmati Davlat xavfsizlik xizmati deb yuritila boshlandi;
- 2019-yil 5-martda qabul qilingan Qonunga asosan 79, 93 va 98-moddalarga oʻzgartirishlar kiritilgan;
- 2019-yil 4-sentyabrda qabul qilingan Qonunga asosan saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan 96 va 117-moddalarga oʻzgartirishlar kiritildi.
Mamlakatda Konstitutsiya qabul qilingan kun bayram va dam olish kuni deb eʼlon qilingan.