Adliya vazirligi tomonidan Umummilliy Konstitutsiya imtihoni oʻtkaziladi. Imtihonda barcha ishtirok etishi mumkin. Tanlovda ishtirok etish uchun 8-dekabr.adliya.uz saytida roʻyxatdan oʻtiladi (15-noyabrdan 25-noyabr 23:59 gacha).
Tanlov quyidagi 2 bosqichda 3 ta toifa uchun alohida tashkil etiladi: bosqich – test sinovlari: umumtaʼlim maktab, akademik litsey va texnikum oʻquvchilari uchun – 27-noyabr soat 9:00 dan 14:00 gacha;
huquqshunoslar va oliy taʼlim muassasalarida huquqshunoslik mutaxassisligi boʻyicha oʻqiyotgan talabalar uchun – 28-noyabr soat 9:00 dan 14:00 gacha;
boshqa barcha fuqarolar uchun – 29-noyabr soat 9:00 dan 14:00 gacha;
2-bosqich suhbat asosida tashkil qilinadi. Test sinovida 8-dekabr.adliya.uz sayti orqali onlayn tarzda ishtirok etiladi. Test sinovi yangi Konstitutsiya asosida tuzilgan 20 ta test savoli va 1 ta ijodiy savoldan iborat. Test savollariga eng qisqa muddatda toʻgʻri javob bergan ishtirokchilar orasidan 30 nafari tanlab olinib, ularning ijodiy savolga javoblari koʻrib chiqiladi.
Baholash natijasiga koʻra, eng yuqori ball toʻplagan 10 nafar ishtirokchi keyingi bosqichga oʻtadi. Ikkinchi bosqich (suhbat) 8-dekabr – Konstitutsiya bayrami arafasida tashkil etiladi. Gʻoliblar diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.
“Tanlovda faqat bitta akkauntdan ishtirok etishga ruxsat etiladi. Ishtirokchi keyingi bosqichga oʻtish vaqtida turli akkauntlardan qatnashgan holatlar aniqlangan taqdirda, natijasidan qatʼi nazar, imtihondan chetlashtiriladi”, deyiladi Huquqiy axborot xabarida.