Milliy valyutamiz dizayniga befarq boʻlmagan fuqarolarimiz tomonidan 50 000 soʻmlik banknot namunasining old tomonida “Al-Hakim at-Termiziy” maqbarasi tasviri tushirilganligi, ammo maqbara nomi “Abu Iso at-Termiziy” deb yozilganligi bildirildi.

Mutaxassislar bilan qayta oʻrganish natijasida haqiqatdan ham namunadagi tasvir va uning nomlanishida texnik xatolik mavjudligi maʼlum boʻldi.

Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki yangi dizayndagi 50 000 soʻmlik banknotlar muomalaga chiqarilishidan oldin uning namunasida aniqlangan texnik xatolik bartaraf etilishini hamda maqbaraning nomi toʻgʻri qayd etilishini maʼlum qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki banknotlar dizaynlariga befarq boʻlmagan barchaga oʻz minnatdorchiligini bildiradi, deya xabar qiladi Markaziy bankning Jamoatchilik bilan aloqalar va kommunikatsion siyosat departamenti direktori Akmal Nazarov oʻzining telegram kanalida.