Ushbu bitimdan kelgusida Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi orasida maʼnaviy maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish yoʻnalishidagi amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlarni tizimli yoʻlga qoʻyish va sifat darajasini yangi bosqichga olib chiqish maqsadi koʻzda tutilgan.
Shu munosabat bilan Milliy gvardiya Markaziy devoni muzokaralar oʻtkazish zalida Milliy gvardiya qoʻmondoni general mayor Р.Джураев, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari О.Хасанов hamda har ikkala tashkilot masʼul rahbarlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Unda taʼkidlanishicha, bugungi kunda Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazida 470 dan ortiq maʼnaviy -maʼrifiy hamda sport tadbirlari oʻtkazilib, ularda 55 000 ga yaqin oʻgʻil qizlar qamrab olingan. Hozirda 1000 dan ortiq bolajonlar ushbu markazdagi 15 ga yaqin fan va sport toʻgaraklarining muntazam aʼzosiga aylangan. Shu jumladan, respublika boʻylab Milliy gvardiyaning hududiy boʻlinmalarida ham bu kabi ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilgan.
Tadbirda dastlab, qoʻmondonning tizimdagi maʼnaviy maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida maʼruzasi tinglandi. Unda, mazkur imzolanayotgan memorandum bir qator yoʻnalishlarni oʻzida mujassam qilib, tomonlarning oʻzaro hamkorlikda mamlakatimiz yoshlari bilan bir qatorda Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlarining maʼnaviy-maʼrifiy salohiyatini doimiy ravishda yuksaltirib borish orqali har qanday gʻoyaviy tahdidlarga qarshi mustahkam “mafkuraviy immunitetini” shakllantirishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Shu bilan birga, qoʻmondon tomonidan ushbu memorandum doirasida Yangi Oʻzbekistonimiz kelajagi boʻlgan oʻquvchi-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ilmiy asoslangan yangicha yondashuvdagi tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish va amaliyotga tatbiq etish hamda uning ijrosi qatʼiy nazoratga olinishi zarurligi taʼkidlandi.
Tadbir davomida kelgusida hamkorlikdagi istiqbolli chora-tadbirlar amalga oshirilishi, maktablarda oʻquvchi yoshlarning tarbiyasi hamda hozirda faoliyat yuritayotgan inspektor-psixologlarning ayni yoʻnalishdagi bilimlarini oshirish boʻyicha har ikkala tomon mutasaddi rahbarlarining fikr-mulohazalari tinglandi.
Shuningdek, ushbu memorandum jarayoni oldingi memorandumlardan tubdan farq qilib, tomonlar oʻrtasida muhokama qilingan har bir masala ijobiy yechimini topishi uchun aniq yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan yoʻl xarita va reja asosida manzilli ishlar amalga oshirilishi belgilab olindi. Ijro muddatiga alohida eʼtibor qaratilib, tegishliligi boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi.