Bugungi globallashuv sharoitida jamiyat maʼnaviy muhitini asrash va mustahkamlash, inson qalbi va ongiga ezgu gʻoyalarni singdirishda badiiy soʻz, ayniqsa, sheʼriyatning oʻrni beqiyos. Ana shunday yuksak maqsadlarga xizmat qilayotgan muhim madaniy tashabbuslardan biri — Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Soʻz” loyihasidir.
“Soʻz” loyihasi — sheʼriyat ixlosmandlarini bir maydonga jam etuvchi, qalbdan chiqqan satrlar orqali insonni oʻyga toldiruvchi, ezgulikka chorlovchi muhim maʼnaviy maydondir. Shu vaqtga qadar loyiha doirasida 60 dan ortiq sheʼrlar tasvirga olindi. Eʼtiborlisi, ushbu sheʼriy ijrolar qisqa fursat ichida millionlab qalblarga yetib bordi. Bugunga qadar loyiha materiallarining umumiy koʻrishlar qamrovi 1 million 200 mingdan oshdi.
Oʻtgan yil noyabr oyida oʻtkazilgan taqdimot marosimi koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi.
Joriy yil 13 fevral, juma kuni esa Renessans kino uyida buyuk mutafakkirlar — Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kunlari munosabati bilan “Soʻz” loyihasining navbatdagi sheʼriy-konsert dasturi boʻlib oʻtdi.
Ushbu adabiy kecha barchamizni Soʻz orqali birlashtirgan ikki buyuk shaxs xotirasiga ehtirom ruhida tashkil etildi. Ular yaratgan bebaho meros, tarannum etgan yuksak gʻoyalar bugun ham oʻzbek adabiyoti va maʼnaviy hayotida yashab kelmoqda. Quvonarlisi, bu ulugʻ anʼanalarni zamonaviy yosh ijodkorlar munosib davom ettirmoqda.
Sheʼriy-konsert davomida Nodira Afoqova, Mansur Jumayev, Zebo Mirzo, Nargiza Odinayeva, Nurmuhammad Zoir, Muhammad Siddiq, Tillaniso, Dadaxon Muhammadiy, Shodmonqul Salom kabi ijodkorlarning sheʼrlari yangrab, tomoshabinlarga yuksak estetik zavq va maʼnaviy ozuqa ulashildi.