Tojikiston Respublikasi Markaziy saylov va referendumlar komissiyasi tomonidan 231 nafar xalqaro kuzatuvchi akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Ular orasida MDH Missiyasi (tarkibida MDH PA, KXSHT PA, Belarus va Rossiya Ittifoqi Parlament Assambleyasi va MDH Ijroiya qoʻmitasi kuzatuvchilar guruhi), SHHT va ikki tomonlama hamkorlik doirasida Gruziya, Qozogʻiston, Qirgʻiz Respublikasi, Rossiya, Turkiya, Oʻzbekiston markaziy saylov organlari va xorijiy mamlakat kuzatuvchilari bor edi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida MSK aʼzolari, Kotibiyat xodimlari, Toshkent va Fargʻona viloyatlarining hududiy saylov komissiyalari vakillari, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati vakillari ishtirok etdilar.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Z.Nizamxodjayev Tojikiston Respublikasi Markaziy saylov va referendumlar komissiyasi raisi B.Xudoyorzoda bilan uchrashdi. Uchrashuvda parlament saylovlariga tayyorgarlik va ularni oʻtkazish jarayoni haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama etildi. Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston delegatsiyasi okrug saylov komissiyalariga tashrif buyurdi.
2-mart kuni – ovoz berish kunida, delegatsiya aʼzolari oʻz xalqaro missiyalari doirasida Dushanbe va uning atrofidagi saylov uchastkalariga tashrif buyurdilar.
Majlisi Namoyandagonga saylovlar aralash saylov tizimi asosida oʻtkaziladi. Quyi palata 63 nafar deputatlarning 22 nafar yagona saylov okrugidan partiyaviy roʻyxat asosida, 41 nafar bir mandatli saylov okruglaridan saylanadi.
Saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish maqsadida Tojikiston Markaziy saylov va referendumlar komissiyasi tomonidan yagona umumrespublika saylov okrugi, 41 ta bir mandatli saylov okrugi va okrug komissiyalari hamda 3 513 ta saylov uchastkalari tashkil etildi.
Mamlakat fuqarolarining xorijda ovoz berish huquqini amalga oshirish maqsadida 28 davlatda 36 ta saylov uchastkasi tuzildi. Bu saylov uchastkalari Tojikiston Respublikasi Madjlisi namoyandagonga saylov oʻtkazish boʻyicha Shohmansur №3 bir mandatli hududiy saylov okrugiga biriktirildi, chunki mamlakat tashqarisida alohida saylov okruglari tashkil etilmaydi.
Ovoz berish jarayoni ertalab soat 6:00 dan kechki 20:00 gacha davom etdi.
3-mart kuni Oʻzbekiston delegatsiyasi Tojikiston Markaziy saylov va referendumlar komissiyasi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Unda mamlakat parlamenti quyi palatasi saylovlarining dastlabki natijalari eʼlon qilindi.
Eʼlon qilinishicha, 5 522 038 nafar saylovchidan 4 712 967 nafari ovoz bergan, bu esa saylovchilarning 85,3 % ni tashkil etgan.
Yagona umumrespublika saylov okrugida siyosiy partiyalar roʻyxati boʻyicha Tojikiston Agrar partiyasini 21% saylovchi, Tojikiston Demokratik partiyasini 5,1%, Tojikiston Iqtisodiy islohotlar partiyasini 12,7%, Tojikiston Sotsialistik partiyasini 5,3%, Tojikiston Xalq Demokratik partiyasini esa 51,9% saylovchi qoʻllab-quvvatladi. Tojikiston Kommunistik partiyasi 1,9% ovoz oldi, bu 5 % dan kam boʻlgani uchun u deputatlik mandatidan mahrum boʻldi. Barcha siyosiy partiyalar roʻyxatiga qarshi ovozlar soni 50 895 nafarni tashkil etgani xabar qilindi.
Shuningdek, bir mandatli saylov okruglari boʻyicha saylovda ishtirok etgan partiyalar olgan mandatlar soni ham eʼlon qilindi: Agrar partiya 5 ta, Demokratik partiya 1 ta, Iqtisodiy islohotlar partiyasi 3 ta, Sotsialistik partiya 1 ta va Xalq Demokratik partiyasi 12 ta deputatlik mandatiga ega boʻldi.
Tojikiston qonunchiligiga muvofiq, parlament saylovlarining yakuniy natijalari parlament saylovlarida ovoz berish kunidan boshlab kamida 14 kundan kechiktirmay eʼlon qilinishi kerak.
Markaziy saylov komissiyasi.