Ushbu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirish, ularni davlat va jamiyat qurilishidagi ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi oʻz faoliyati davomida qator tashkilot va muassasalar, uyushmalar bilan ijtimoiy sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyib, muayyan saʼy-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Bunday hamkorlikdagi amaliy ishlar jamiyatda nodavlat notijorat tashkilotlarining oʻrnini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugun Oʻzbekiston respublikasi Notarial palatasi Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi aʼzolari safiga qabul qilinib, hamkorlik memorandumi imzolandi.
Oʻzbekiston respublikasi Notarial palatasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari:
- notarial idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish hamda qonun hujjatlarining bir xilda qoʻllanilishini taʼminlashga doir takliflar ishlab chiqish;
- nizolarning oldini oluvchi institut sifatida notariat rolini mustahkamlash, notariuslik kasbi nufuzini oshirish, shuningdek, notariuslarning kasbiy tayyorgarligi va malakasi oshirilishini hamda ularning fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurtalanishini tashkil etish;
- yagona notarial amaliyotni taʼminlash choralarini koʻrish, notarial idoralar faoliyati toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni toʻplash va oʻrganish, ijobiy ish tajribasini ommalashtirish hamda notariuslarga uslubiy yordam koʻrsatish;
- aholining huquqiy bilimlari va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targʻibot tadbirlarini amalga oshirish;
- davlat organlari, boshqa tashkilotlar bilan munosabatlarda, sudda va boshqa hollarda notariuslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish;
- notariuslar tomonidan qonun hujjatlariga, kasb etikasi qoidalari va kasb majburiyatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish hamda ularning kasbiga loyiqligi masalasini koʻrib chiqish haqida. Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalariga taklif kiritish.