Shuning uchun Toshkent shahar kengashiga orttirib bajarilgan daromadning mahalliy budjetga qaytariladigan qismidan 20 foizini tumanlarga taqsimlash vakolatini berish taklif qilindi. Shuningdek, Toshkent shahar va tuman hokimlariga mahalliy kengashlar bilan kelishgan holda boʻsh mablagʻlarni depozitga qoʻyishga ruxsat etiladi.
Umuman, Toshkent shahri faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilovchi “Oʻzbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilish vaqti kelgani taʼkidlandi.
“Mahalla yettiligi”ning samarasini oshirishda poytaxt yetakchi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
2026-yildan Toshkent shahrida yangi tizim joriy qilinadi – “mahalla yettiligi” toʻliq shahar hokimligi ixtiyoriga oʻtadi. Hokim oʻrinbosarlariga “mahalla yettiligi”ning har bir aʼzosiga yangicha yondashuv asosida KPI ishlab chiqib, tizimdagi ortiqcha hisobotlar kabi byurokratiyani yoʻqotish topshirildi.
“Yettilik” hisobotlar bilan emas, balki odamlarning ogʻirini yengil qilish bilan shugʻullanishi zarur», – dedi Prezidentimiz.
Yigʻilish davomida poytaxt va uning tumanlari hokimlarining hisobotlari tinglandi, tadbirkorlar bilan muloqot qilindi.