Shu munosabat bilan ushbu tadbirni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish maqsadida joriy yil 21-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.Umurzakov vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va viloyatlar darajasidagi mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilishda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Savdo-sanoat palatasi va boshqa masʼul idoralar bilan birgalikda tadbirkorlarning murojaatlari hamda takliflarini qabul qilish boʻyicha Shtab tuzilgani maʼlum qilindi. Shtabda ish olib borish uchun barcha asosiy vazirlik va idoralarning xodim va mutaxassislari jalb etilgan hamda kechayu-kunduz faoliyat koʻrsatuvchi “koll-markaz” orqali murojaatlarni qabul qilish amalga oshirilyapti.
Vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat tahliliy guruh qabul qilingan murojaatlar bilan dastlabki ishlarni olib boradi va boʻlajak tadbir kun tartibini shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har kuni umumlashtirilgan maʼlumotnomalarni yuboradi.
Shtab faoliyatini tashkil etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va murojaatlarni qabul qilishning joriy natijalari toʻgʻrisida hisobotlar tinglandi. Shtabning uzluksiz ishlashini taʼminlash hamda kelib tushayotgan murojaatlarni sifatli tahlil qilish, shuningdek, koʻrib chiqilayotgan masalalarni tezkor va samarali hal etish uchun maxsus tizimni joriy qilish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga tadbirkorlar, investorlar va eksportchilar bilan manzilli ishlarni faollashtirib, ularni tadbirda ishtirok etishga jalb qilish, ular duch kelayotgan masalalar va takliflarni aniqlash hamda tizimli va alohida uchraydigan muammolarni turlari boʻyicha tasniflash va tizimlashtirish, shuningdek, aniqlangan masalalar asosida mamlakatimizda biznes muhitini yaxshilashga doir konstruktiv takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillari bilan davlat oʻrtasida bevosita muloqot qilishning doimiy mexanizmini yaratish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun eng qulay shart-sharoitlarni shakllantirish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish dolzarbligi ham qayd etildi.
Maʼlumot uchun: Davlat rahbari bilan ochiq muloqotda ishtirok etish uchun tadbirkor va investorlarning murojaatlarini qabul qilish boʻyicha Shtab kechayu-kunduz faoliyat yuritadi. 20-iyuldan 31-iyulgacha Siz oʻz muammo yoki taklifingiz bilan murojaat qilib, mamlakat Prezidenti bilan bevosita ularni muhokama qilish imkoniyatga ega boʻlishingiz mumkin.
Aloqa uchun maʼlumotlar:
Koll-markaz: + 998 71 238 52 52
Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasining “ishonch telefoni”ning raqami: 1100
Savdo-sanoat palatasi: + 998 71 150 60 06
Biznes-ombudsmen: + 998 71 202 09 06
Shuningdek, ITSV va Savdo-sanoat palatasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy akkauntlari orqali biz bilan bogʻlanishingiz mumkin:
Facebook: www.facebook.com/mift.uz
Instagram: www.instagram.com/mift.uz
Telegram: t.me/uzchamber, @offer_bot
Elektron pochta manzili: info@mift.uz, info@chamber.uz