“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni maʼqullandi

    Mamlakatimizda 29 May 2021 5090

    2021-yil 29-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XV yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni muhokama qilindi.

    Majlisda taʼkidlanganidek, Qonunini qabul qilish zarurati quyidagi omillar bilan asoslanadi:

    birinchidan, 2018-yilning yanvar oyida tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yopiq qarorlari bilan tartibga solingan boʻlib, ochiq tarzdagi normativ-huquqiy hujjatlar mavjud emas;

    ikkinchidan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati maxsus vakolatli organ hisoblanib, qoʻriqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida huquqiy, tashkiliy, qoʻriqlash, rejim, tezkor-qidiruv, muhandislik-texnik va boshqa tadbirlar majmuini amalga oshiradi.

    Bunda Prezident davlat xavfsizlik xizmati tezkor-xizmat faoliyatining alohida jihatlari jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir etadi.

    Xususan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish jarayonida qoʻriqlanuvchi shaxslar manfaatlarini koʻzlab, qoʻriqlash tadbirlari oʻtkazilayotgan joylarda erkin harakatlanishni, qoʻriqlanuvchi shaxslarning boʻlish obyektlari atrofida va harakatlanish yoʻnalishlarida turli xil obyektlarning qurilishi va rekonstruksiyasini, qoʻriqlanuvchi shaxslarga va ular boʻlish obyektlarida xizmat koʻrsatishga bevosita jalb etilgan tashkilotlarning mehnat faoliyati amalga oshirilishini va boshqa harakatlarini cheklaydi;

    uchinchidan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilari hamda qoʻriqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini taʼminlashga jalb etilgan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ
    va kuch ishlatuvchi tuzilmalar xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarish chogʻida oʻq otar qurolni qoʻllashning aniq tartibi belgilanmagan.

    Shu munosabat bilan Qonunda quyidagi masalalarni tartibga solish koʻzda tutilgan. Xususan:

    - qoʻriqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini taʼminlash sohasida qoʻllaniladigan umumeʼtirof etilgan tushunchalar va atamalar, ularning mazmunini sharhlash va toʻgʻri qoʻllash maqsadida ushbu faoliyat turining prinsiplari;

    - qoʻriqlanishi belgilangan qoʻriqlanuvchi shaxslarning toifasi;

    - Prezident davlat xavfsizlik xizmatining maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, qoʻriqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini taʼminlash sohasida boshqa davlat organlari bilan hamkorlik qilish masalalari;

    - Prezident davlat xavfsizlik xizmatining shaxsiy tarkibini butlash tartibi, harbiy xizmatchilarining maqomi, huquq
    va majburiyatlari;

    - Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan haqiqiy harbiy xizmat oʻtashning alohida jihatlari, ularga harbiy unvon berish va kasbiy tayyorgarligini tashkil etish;

    - Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining huquqiy va ijtimoiy himoyasi kafolatlari;

    - Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlarini xizmat guvohnomalari, jetonlar va harbiy kiyim-kechak bilan taʼminlash masalalari;

    - Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar, sovuq yoki oʻqotar qurol qoʻllanilishining batafsil shartlari va tartibi;

    - Prezident davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini nazorat qilish tartibi nazarda tutilmoqda.

    Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining huquqiy asoslarini takomillashishiga, amaldagi qonun hujjatlari va yurtimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarga uygʻunlashishiga xizmat qiladi.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.