Xalqaro forum ishida Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari hukumat va tashqi siyosat idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.
A.Kamilov o‘z nutqida hozirgi holatda pandemiya oqibatlarini tezroq bartaraf etish, iqtisodiy o‘sishni tiklash va uzoq muddatli barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga erishishga yo‘naltirlgan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yangi taklif va tashabbuslarning muhim ahamiyatini qayd etdi.
O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari ishtirokchilarni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishi va sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash borasida O‘zbekiston Hukumati tomonidan ko‘rilgan tizimli choralar bilan tanishtirdi, pandemiya davridagi yaqin hamkorlik va o‘zaro ko‘mak uchun xorijiy sheriklarga minnatdorlik bildirdi.
Vazir “yashil iqtisodiyot”ga erishishda ratsional ekologik rivojlanishning muhimligini alohida ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan Markaziy Osiyoda “yashil” qayta tiklanishning Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini bartaraf etish hamda Orolbo‘yi aholisining hayot sharoitlarini va sifatini yaxshilash bilan chambarchas bog‘liqligi e’triof etildi.
Konferensiya yakunida uning ishtirokchilari 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi BMT kun tartibidagi maqsadlarga erishish uchun o‘zlarining konstruktiv hamkorlikka tayyorliklarini tasdiqladi.