O'zbekiston Respublikasida ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi muhokamaga qo'yildi

    Fan 11 May 2020 3747

    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasida ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

    Farmon bilan tasdiqlanadigan kontseptsiyaga muvofiq, ilm-fan taraqqiyotini ta'minlash davlat va xususiy sektorning asosiy vazifalaridan biri hamda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik yo'nalishlaridan biri sifatida belgilanmoqda. Maqsadga erishish uchun esa ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini hamda ilmiy faoliyatning me'yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, ilm-fan va ilmiy faoliyatni moliyalashtirish tizimini qayta ko'rib chiqish va diversifikatsiyalash, shuningdek, yuqori malakali ilmiy va muhandis kadrlar tayyorlash hamda ularni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga yo'naltirish va yutuqlarini rag'batlantirish, ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini va axborot muhitini yaratish kabi ustuvor vazifalar belgilangan. SHu bilan birga, ilm-fan sohasini rivojlantirishning asosiy tamoyillari keltirib o'tilgan.

    Kontseptsiya ijrosi va unda belgilangan ustuvor vazifalarning o'z vaqtida, to'laqonli amalga oshirilishi natijasida O'zbekistonni 2030 yilga qadar global innovatsion indeks reytingiga ko'ra dunyoning 50 ta etakchi davlati tarkibiga kiritish, yosh olimlarni ko'paytirish, ularning ilmiy yangiligi va innovatsiyaon g'oyalarini amalga keng tatbiq etish nazarda tutilgan.