“O'zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to'g'risida"gi nizomga o'zgartirishlar kiritildi

    Moliya 11 Sentabr 2020 1467

    O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining Qarori (2020-yil 7-sentabr, 3229-1-son) bilan “O'zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to'g'risida"gi Nizomga o'zgartirishlar kiritildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF–6010-son “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq Majburiy ijro byurosining qarzdorliklarni, xususan etkazib berilgan energiya resurslari hamda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmati boʻyicha qarzdorlikni undirish uchun inkasso topshiriqnomalarini taqdim etish vakolati bekor qilindi. SHu munosabat bilan, naqd pulsiz hisob-kitoblarning qonuniyligini taʻminlash maqsadida mazkur Nizomning 65-bandiga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi.

    Nizomning 56-bandi Fuqarolik Kodeksi (329-modda) talablariga muvofiqlashtirildi, xususan, kredit qarzdorliklarini kafildan undirishda subsidiar javobgar boʻlgan shaxslarning bank hisobvaraqlariga aktseptsiz toʻlov talabnomalarining taqdim etilmasligiga oid norma kiritildi.

    Maʻlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 329-moddasiga asosan kreditor asosiy qarzdorning javobgarligiga qoʻshimcha ravishda javobgar boʻlgan (subsidiar javobgarlik) shaxsga talablar qoʻyishdan oldin asosiy qarzdorga talab qoʻyishi kerakligi belgilangan. Shuningdek, agar kreditor mablagʻlarni asosiy qarzdordan nizosiz undirib olish imkoniyati mavjud boʻlsa, subsidiar javobgar shaxsdan qarzdorlikni yopishni talab qilishga haqli emas.

    Oʻz navbatida, subsidiar javobgar shaxs oʻziga kreditor tomonidan qoʻyilgan talabni qondirishdan oldin bu haqda asosiy qarzdorni ogohlantirishi, bordi-yu bunday shaxsga nisbatan daʻvo qoʻzgʻatilgan boʻlsa - asosiy qarzdorni ishda qatnashishga jalb qilishi kerak.