Oʻzbekistonda qurilish materiallari boʻyicha 867 ta, yer osti suvlarining 649 ta, uglevodorodlar (neft, gaz, kondensat)ning 244 ta, qimmatbaho metallar (oltin, kumush)ning 97 ta, rangli va nodir metallarning 12 ta, radioaktiv metallarning 38 ta, kon xomashyolarining 37 ta, kon-kimyoning 32 ta, qimmatbaho toshlarning 30 ta, koʻmir va neft slanetsining 7 ta, qora metallarning 5 ta resursi qayd etilgan.
Baʼzi foydali qazilmalar (oltin, uran, mis va boshqalar) zaxiralari boʻyicha Oʻzbekiston dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kiradi. Nufuzli xalqaro konsalting kompaniyalaridan biri — BCG hisob-kitoblariga koʻra, keyingi oʻn yil ichida mamlakatning investitsiyaviy salohiyati 65 milliard AQSH dollarini tashkil etishi kutilmoqda.
“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan geolog” faxriy unvonining taʼsis etilishi iqtisodiyotimiz qudratini oshirishga har tomonlama eʼtibor qaratilayotgani bilan izohlanadi.
Ushbu faxriy unvon bilan, jumladan, sohada chuqur bilimga ega kadrlar tayyorlashdagi munosib xizmatlari uchun geologiya, geofizika, gidrogeologiya, topografiya-geodeziya, yer osti boyliklari geologiyasi va qidiruvi tarmogʻining geologlari va muhandis-texnik xodimlari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislari mukofotlanadi.
Mazkur Qonun qabul qilinishi munosabati bilan “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga tegishli qoʻshimcha va oʻzgartishlar ham kiritilmoqda.
Senat aʼzolari tomonidan ushbu Qonun maʼqullandi.