Abdurauf Qorjovov 1956-yil 21-sentyabrda Samarqand viloyatining Payariq tumanida tavallud topgan. 1981-yilda Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan.
U oʻz faoliyatini “Oʻzbekiston ovozi” (“Sovet Oʻzbekistoni”) gazetasida musahhih, muxbirlikdan boshladi. Ushbu gazetaning Navoiy, Xorazm viloyatlaridagi oʻz muxbiri sifatida dolzarb mavzulardagi maqolalari, tanqidiy-tahliliy chiqishlari bilan jamoatchilik nazariga tushdi.
1992-2019-yillar davomida Oʻzbekiston teleradiokompaniyasining oʻz muxbiri, bosh muharrir oʻrinbosari, bosh muharrir, direktor oʻrinbosari, “Oʻzbekiston 24” teleradiokanali bosh muharriri lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi. Yuzlab publitsistik reportajlar, teran tahliliy koʻrsatuvlar tayyorladi. Yillar davomida sayqallanib borgan ijodiy izlanishlarining mahsuli sifatida “Otalar yurti”, “Oq tulporlar”, “Oʻzbek soʻmi”, “Bunyodkorlik“, “Assalom, Navroʻz!“, “Oʻzbekiston yoʻllari“ singari hujjatli filmlar dunyo yuzini koʻrdi.
Abdurauf Qorjovovning “Yoʻllar va manzillar”, “Tabiatning moʻjizaviy ehsonlari” kitoblari, hammualliflikdagi “Sahro boʻm-boʻsh emas”, “Yurt farzandlari”, “Xitoy Oʻzbekistonliklar nigohida” kabi ocherklar toʻplamlari nashr etilgan.
Jurnalistning fidoyi mehnati va ijodiy izlanishlari davlatimiz tomonidan munosib eʼtirof etilib, 1994-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” unvoniga munosib koʻrildi. Shuningdek, “Oʻzbekiston xalq taʼlimi aʼlochisi” va boshqa koʻplab mukofotlar bilan taqdirlandi, respublika ijodiy tanlovlarining gʻolibi boʻldi.
Abdurauf Qorjovov 2020-yildan buyon “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi tahririyatida katta muharrir, boʻlim mudiri, iqtisodiy sharhlovchi vazifalarida sidqidildan ishlab kelayotgan edi. Fidoyi, tashabbuskor, faol jurnalist soʻnggi nafasigacha kasbiga sodiq qoldi, maqola yozish, dolzarb mavzularni koʻtarish, tahlil qilish, kimlarningdir ogʻirini yengil qilishdan charchamadi. Oʻzidan yuzlab mahoratli shogirdlar qoldirdi.
Mohir jurnalist, jonkuyar ustoz Abdurauf Qorjovovning porloq xotirasi qalblarimizda mangu qoladi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka”
gazetalari tahririyati davlat muassasasi jamoasi