Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:

  • Oʻzbekiston Respublikasi hududining yaxlitligi va boʻlinmasligi;
  • qonuniylik;
  • maʼmuriy-hududiy birliklardagi davlat boshqaruvining samaradorligi;
  • maʼmuriy-hududiy birliklarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirilishi.

Oʻzbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullardan, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasidan iborat.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardan iborat.

Viloyatlar tumanlardan, shuningdek, viloyat va tuman boʻysunuvidagi shaharlardan, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardan iborat. Viloyat boʻysunuvidagi shaharlar doirasida ham tumanlar tashkil qilinishi mumkin.

Viloyatlarning maʼmuriy-hududiy chegaralari doirasida respublika boʻysunuvidagi shaharlar boʻlishi mumkin.

Toshkent shahri tumanlardan iborat.

Maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari boʻyicha komissiyalar maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining takliflarini hamda viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlari va shaharlari) hokimlarining iltimosnomalarini koʻrib chiqish hamda davlat ekspertizasidan oʻtkazish maqsadida tashkil etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan komissiya tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi rahbarlari kiritiladi.

Koʻrib chiqiladigan masalalar mazmuniga qarab, komissiyalar tarkibiga davlat hokimiyati organlarining, davlat boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ham kiritilishi mumkin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlari va shaharlari) hokimlari tomonidan tashkil etiladigan komissiyalar tarkibiga koʻrib chiqiladigan masalalar mazmuniga qarab, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli hududiy boʻlinmalarining mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari kiritilishi mumkin.

Komissiyalarning ishlash va ularning faoliyatini tugatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Viloyatlarni tuzish va tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • viloyatni tuzish yoki tugatish zarurligi va maqsadga muvofiqligi asoslantirilgan taklif;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining qarorlari loyihalari;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilgan komissiya xulosasi;
  • viloyat chegaralarining va viloyat tarkibiga hududlari oʻtkazilayotgan maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarining kartografik chizmasi hamda viloyat chegaralari chizigʻining tavsifi (viloyatni tuzish toʻgʻrisidagi taklifga ilova qilinadi);
  • tarkibiga tugatilayotgan viloyat hududi oʻtkazilayotgan maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarining kartografik chizmasi va maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralari chizigʻining tavsifi (viloyatni tugatish toʻgʻrisidagi taklifga ilova qilinadi);
  • viloyatni tuzish yoki tugatish bilan bogʻliq tegishli hisob-kitoblar va xarajatlarni moliyalashtirish manbalari.