Mazkur me'yoriy hujjat davlatimiz rahbarining Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi Farmoni va 2019 yil 1 iyuldagi “Baholash faoliyatini yanada takomillashtirish hamda past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish mexanizmlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqildi.
Standart eng yaxshi xorijiy amaliyotni hisobga olgan holda, baholashning xalqaro tamoyillari asosida, mulkchilik shaklidan qat'i nazar ob'ektlarni baholashning yagona milliy standartlariga muvofiq tayyorlandi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan standart loyihasini ishlab chiqish yuzasidan ishchi guruh va ekspertlar tarkibi tuzildi. Ishchi guruhga malakali mutaxassislar, baholovchi jamoat tashkilotlari a'zolari va baholovchilar jalb qilindi. SHuningdek halqaro kompaniya, tashkilotlar mutaxassislari ekspert sifatida taklif etildi.
Ushbu Standart baholash faoliyatini amalga oshirish, shu jumladan mulkni baholash tartibi, qiymat turlari, baholash ob'ekti, baholashga oid yondashuvlar va baholash usullarini belgilash, shuningdek barcha mulkchilik shakllaridagi mulk qiymatini baholashni o'tkazish tartibini belgilaydi.
Mazkur hujjat milliy baholash standartlarini xalqaro baholash standartlari tamoyillariga muvofiqlashtirish hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi PF–5505-son Farmoni bilan tasdiqlangan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish kontseptsiyasiga asosan amaldagi 13 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni unifikatsiya qilishni nazarda tutadi.
YAgona milliy baholash standarti baholash faoliyatida foydalaniladigan printsiplar, atamalar va tariflar, baholashga oid vazifa, baholash jarayonida o'tkaziladigan o'rganishlar va tahlillar, baholash haqidagi hisobotni tuzish, baholash bazalari, baholash yondashuvlari va usullari, biznesni va biznesda ishtirok etish huquqini baholash, ko'chmas mulkni baholash, nomoddiy aktivlarni baholash, tovar-moddiy zaxiralarni baholash, mashina va uskunalarni baholash, xususiylashtirish maqsadida davlat uy-joy fondini baholash kabi tarkibiy tuzulmalardan iborat.