Uchrashuv davomida koʻp qirrali hamkorlikning keng kun tartibi, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy, texnik, madaniy-gumanitar sohalarda mavjud bitimlarni roʻyobga chiqarish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasiga boʻlajak tashrifiga tayyorgarlik koʻrish hamda uning doirasida rejalashtirilgan tadbirlarni, xususan, Hududlararo forum, Media – forum hamda Taʼlim forumini tashkil etish masalalari muhokama etildi.

Tomonlar hukumat darajasidagi ikki tomonlama aloqalarning faolligiga yuqori baho berib, har ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining barcha ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil mustahkamlashdan manfaatdorligini taʼkidladilar.

Muloqot chogʻida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun yangi yoʻnalishlarni qamrab olish va munosabatlarni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasining 22-yigʻilishining muvaffaqiyatli oʻtkazilgani qayd etildi. Yigʻilish doirasida investitsiyalar, savdo, transport va tranzit, mintaqalararo hamda madaniy-gumanitar hamkorlik sohalarida munosabatlarni yanada chuqurlashtirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi va ishlab chiqildi.

Qoʻshma loyihalar portfelining sohaviy diversifikatsiyasini kengaytirish hamda investitsiyaviy tashabbuslarni hayotga tatbiq etishga ikki mamlakat xususiy kompaniyalarini jalb etishni ragʻbatlantirish yuzasidan qoʻshma tadbirlar rejalashtirildi.

Uchrashuv yakunida oʻzaro munosabatlarning koʻrib chiqilgan yoʻnalishlari doirasida muvofiqlashtirilgan hamkorlikni davom ettirishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.