Tomonlar delegatsiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Bahromjon Aʼloyev va Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Mixail Galuzin boshchilik qildi.

Maslahatlashuvlar ishtirokchilari Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik munosabatlarining keng koʻlamli masalalarini, ikki davlat Rahbarlarining uchrashuvlari yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni muhokama qildilar, shuningdek, 2023-yilga moʻljallangan rejalarni belgilab oldilar.

Tomonlar konstruktiv siyosiy muloqotni yanada faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari, hukumatlari va iqtisodiy tuzilmalari tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlar jadvali koʻrib chiqildi.

Xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Maslahatlashuvlarda madaniy-gumanitar almashinuvlarni jadallashtirishga ham alohida eʼtibor qaratildi.