Oʻzbekiston salohiyati Xitoyda oʻtkazilgan “Bir makon, bir yoʻl” savdo-iqtisodiy forumida taqdim etildi

    Biznes 21 Avgust 2024 583

    Xitoyning Chjeszyan provinsiyasi Iu shahrida “Bir makon, bir yoʻl” savdo-iqtisodiy forumi boʻlib oʻtdi.

    Xitoyning “Ambassador House” nodavlat tashkiloti va Iu shahri Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Pekin va Shanxay shaharlaridagi diplomatik korpus, shuningdek, Chjeszyan provinsiyasining 50 ga yaqin turli kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

    Forum doirasida Oʻzbekistonning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan yurtimizning eksport salohiyati va turizm sohasidagi imkoniyatlariga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi.

    Unda mamlakatimizda xorijiy tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va taqdim etilayotgan imtiyozlar, investitsiyalarni jalb etish va savdo yoʻnalishlarida erishilgan yutuqlar toʻgʻrisida soʻzlab berildi.

    Shuningdek, Chjeszyan provinsiyasi va Oʻzbekiston tadbirkorlari oʻrtasidagi aloqalarini yanada rivojlantirish imkoniyatlari muhokama etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.