Mazkur xalqaro festivalda O‘zbekiston madaniyati va san'ati keng targ‘ib etildi. Xususan, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston san'at ustalarining chiqishlari, Farrux Zokirov va «Yalla» guruhining yakkaxon konsert dasturi, Qoraqalpog‘iston yosh tomoshabinlar teatri ijodiy jamoasining spektakli, rassomlar va milliy amaliy san’at ustalari ko‘rgazmasi kabi tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston vakillari Aqilbek Piyazov, «Sabo» milliy raqs ansambli va «Ayqulash» Qoraqalpoq milliy folklor ansambli festival sovrindorlari qatoridan joy olishdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi festivalda ishtiroki davomida Tatariston rahbariyati, Madaniyat, Sport vazirliklari va Turizm davlat qo‘mitasi mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Unda turizm, madaniyat va ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirish, teatr sohasini rivojlantirish, hunarmandchilik maktablari, ta’lim turizmi kabi sohalarda aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Nukus filiali va Qozon davlat madaniyat instituti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha «yo‘l xaritasi» hamda Qoraqalpog‘iston davlat yosh tomoshabinlar teatri va Qozon davlat yosh tomoshabinlar teatri o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.