Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari ishlab chiqaradigan sanoatni rivojlantirish boʻyicha 2017-2022-yillarga oid koʻrsatkichlar va Oʻzbekistonning UNIDO reytingidagi oʻrnini tahlil qildi.

Mamlakatlarning sanoat raqobatbardoshligi boʻyicha reytingi BMTning Sanoatni rivojlantirish boʻyicha tashkiloti (UNIDO) tomonidan ikki yil kechikish bilan ishlab chiqiladi (yaʼni oxirgi hisobot 2020-yil yakunlari boʻyicha 2022-yilda chop etilgan).

Reyting asosini ishlab chiqaradigan sanoat rivojlanishining bir qancha asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha hisoblangan sanoat raqobatbardoshligining kompozit indeksi tashkil etadi. Buning uchun oʻrganilayotgan mamlakat boʻyicha rasmiy statistik maʼlumotlardan foydalaniladi.

Ushbu koʻrsatkichlar raqobatbardoshlikning sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish imkoniyati, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishning rivojlanish darajasi, mamlakatning dunyo ishlab chiqarish sanoatidagi oʻrni kabi omillarini aks ettiradi.

Oʻzbekiston 2017-2020-yillarda UNIDO reytingida 95-oʻrindan 89-oʻringa, yaʼni 6 pogʻonaga koʻtarildi va bu eʼtiborga molik yutuq. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida sanoat raqobatbardoshligi indeksi boʻyicha Qozogʻistondan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Bu yutuqlarga oxirgi yillarda ishlab chiqaradigan sanoatni jadal rivojlantirish va modernizatsiya qilish yordamida erishildi.

Sanoat raqobatbardoshligi indeksiga kiritilgan ayrim asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha Oʻzbekistonda quyidagi ijobiy oʻzgarishlarga erishildi. Jumladan, ishlab chiqaradigan sanoatning yalpi ichki mahsulot (YAIM) dagi ulushida barqaror oʻsish tendensiyasi qayd etildi, yaʼni 2017-yilda 15,5 foiz, 2022-yilda esa 20,5 foiz. Sohada aholi jon boshiga mahsulot ishlab chiqarish hajmi har yili oʻrtacha 4,7 foizdan barqaror ravishda oʻsib bordi.

Oʻzbekiston jahon miqyosida mahsulotlarning raqobatbardoshligini mustahkamlash boʻyicha tobora yaxshiroq natijalargi erishmoqda. Har yili jahon bozorida mahalliy sanoat mahsulotlariga talab ortib, eksport geografiyasi kengaymoqda. Buning natijasida tovarlar eksportida ishlab chiqaradigan sanoat mahsulotlari ulushi 76,6 foizdan 83,3 foizga oshdi.

Farmatsevtika mahsulotlari, turli tibbiy asbob-uskunalar va buyumlar, shuningdek, yuqori texnologiyali tarmoqlar uchun ehtiyot qismlar eksportining jadal oʻsishi hisobiga ishlab chiqaradigan sanoat mahsulotlari eksportida yuqori texnologiyali mahsulotlar ulushi 0,16 foizdan 0,49 foizgacha oshdi.