Oʻzbekiston sayyohlik salohiyati Belarus poytaxtida namoyish etilyapti

    Turizm 6 Sentabr 2024 371

    Belarus poytaxtida joylashgan “Galleria Minsk” savdo va koʻngilochar markazidagi yirik ekranlarda Oʻzbekiston sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan videoroliklar namoyishi yoʻlga qoʻyildi.

    Oʻzbekiston Mustaqilligi kuni arafasida boshlangan ushbu loyiha Minsk shahrining yetakchi savdo markaziga tashrif buyuruvchilar uchun yurtimizning koʻrkam shaharlari, oʻziga xos tabiati, boy madaniyati va oʻzbek milliy anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratdi.

    “Galleria Minsk” savdo markazining tashqi tarafida oʻrnatilgan katta ekran shahar markazida joylashgan boʻlib, uning yaqin atrofida koʻplab yirik ofis va maʼmuriy binolar, doʻkonlar, mehmonxonalar, kafelar, sport saroyi, turli ommaviy yarmarkalar va konsertlar oʻtkaziladigan maydon mavjud. Savdo markazi 6 qavatli binoda joylashgan boʻlib, har bir qavatning ichkarisida 2 tadan katta ekran oʻrnatilgan.

    Oʻzbekiston turizm salohiyati namoyishi 22-sentyabrgacha davom etadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Mamlakatimiz elchixonasi maʼlumotiga koʻra, “Galleria Minsk” savdo va koʻngilochar markaziga ish kunlari 30 mingdan ortiq kishi, dam olish kunlari esa salkam 50 ming kishi keladi. Savdo va koʻngilochar markazi joylashgan koʻcha boʻylab avtotransport oqimi kuniga 60 mingdan ortiq boʻlib, piyodalar soni esa 100 mingni tashkil etadi.