Musobaqa sportning 16 turi boʻyicha tashkil etiladi. Unda mintaqaning 10 davlatidan 1 500 nafarga yaqin sportchi, 400 nafarga yaqin hakam va 100 nafarga yaqin boshqa sport sohasi mutaxassislari qatnashadi. Taʼbir joiz boʻlsa aytish kerakki, “kichik olimpiada” bahslarida MDH mamlakatlari sportchilari 182 ta medallar jamlanmasi uchun bahslashadi.

Kecha Oʻzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolari Rossiyaga joʻnab ketishdi. Delegatsiya tarkibidan Turizm va sport vazirligi va Milliy Olimpiya qoʻmitasi masʼul xodimlari, sportning boks, erkin va yunon-rum kurashi boʻyicha terma jamoa aʼzolari, umumiy hisobda 70 nafardan ortiq kishi oʻrin olgandi.

Mamlakatimiz sport delegatsiyasini kuzatish marosimida Turizm va sport vaziri oʻrinbosari Avazjon Karimov ham ishtirok etdi va u sportchilarimizga omad tiladi.

Kecha tunda Qozonga yetib borgan vakillarimiz mazkur sport oʻyinlari uchun barpo etilgan Olimpiya shaharchasiga joylashishdi.

Mamlakatimiz sport delegatsiyasining ikkinchi qismi 3-sentyabr kuni, yakuniy qismi esa 6-7-sentyabr kunlari Rossiyaga joʻnab ketadi.