Oʼzbekiston sportchilari matonat va jasorat timsoli

    Inson irodasi uni hayot sinovlarida toblaydi, sabr bilan jamiyatda oʼz oʼrnini topishga undaydi. Matonat esa ezgulik ila maqsad sari dadil intilishga, bu yoʼldagi barcha qiyinchiliklarni mardonavor yengishga kuch bagʼishlaydi. Yaponiya poytaxti — Tokio shahrida boʼlib oʼtgan Paralimpiya oʼyinlarida sportchilarimiz Vatan va millat sharafini shahdu shiddat bilan himoya qildi.

    Yurtdoshlarimiz ularning har bir oʼyinini katta ishtiyoq bilan kuzatib, qoʼllab-quvvatlab turdi. Sportchilarimiz erishgan natija esa, albatta, quvonarli. Oʼzbekiston umumjamoa hisobida 162 davlat orasida XVI Paralimpiya oʼyinlarini 16-oʼrin bilan yakunladi. Sportchilarimiz va ularning murabbiylari yurtimizda katta tantana bilan kutib olindi va Prezidentimiz tomonidan munosib ragʼbatlantirildi. Biz mazkur jarayon tafsilotlari haqida Oʼzbekiston paralimpiya qoʼmitasi raisi Muxtorxon TOSHXOʼJАYEV bilan suhbatlashdik.

    — Sportchilarimizning tarixiy gʼalabasi yurtdoshlarimiz qalbiga gʼurur va iftixor bagʼishladi. Har qanday muvaffaqiyat istak, ishonch va mehnat evaziga keladi. Suhbatimiz avvalida, yurtimizda sport sohasini rivojlantirish hamda sportchilarning XVI Paralimpiya oʼyinlariga tayyorgarlik jarayonlari haqida gapirib bersangiz.

    — Soʼnggi besh yilda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasini yanada rivojlantirish, sportchilarimiz jahon arenalarida yuqori natijalarga erishib, mamlakatimiz nufuzini yuksaltirishiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, yurtimizda imkoniyati cheklangan va nogironligi boʼlgan shaxslarning ijtimoiy va huquqiy himoyasi davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishlaridan biri boʼlib, ularning toʼlaqonli hayot kechirishi, jamiyatga moslashuvchanligi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Shu maqsadda qator qonunlar, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, Prezidentimizning 2021 yil 18 maydagi “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi boʼldi. Eʼtiborli jihati, mamlakatimizda sport sohasi, jumladan, parasport turlari boʼyicha terma jamoalar uchun juda katta imkoniyatlar eshigi ochildi. Bir soʼz bilan aytganda, yurtimizda paralimpiya harakati rivojlanishi uchun huquqiy baza paydo boʼldi. Davlatimiz rahbarining qoʼllab-quvvatlovi bilan Oʼzbekiston paralimpiya qoʼmitasi tomonidan “Yoʼl xaritasi” ishlab chiqilib, aniq maqsad asosida yangi tizim yaratildi. Mazkur tizim bilan paralimpiyachilarimiz nufuzli musobaqaga jiddiy hozirlik koʼrdi va yaxshi natijalar koʼrsatdi. Sportchilarimizning mashgʼulotlarni talab darajasida oʼtishi uchun murabbiylar, shifokorlar, dietologlar, psixologlar tarkibi shakllantirilib, sport bazalarida zarur va qulay sharoitlar yaratildi. Bu kabi ishonch va gʼamxoʼrlikka javoban sportchilarimiz toʼrt yillikning nufuzli musobaqasida oʼz soʼzini aytdi.

    — Bugun dunyoda pandemiya vaziyati har bir yoʼnalishga oʼz taʼsirini koʼrsatib ulgurdi. Tokio Paralimpiya oʼyinlarida Oʼzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolarining ishtirokini har birimiz hayajon bilan kuzatdik. Mana shunday sinovli jarayonda jamoa qanday birlasha oldi?

    — XVI paralimpiya oʼyinlarida vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan har bir sportchimizni chin maʼnoda jasorat va matonat sohibi, deyishimiz mumkin. Garchi oʼyinlarda rekord darajada yoʼllanmani qoʼlga kiritgan boʼlsak-da, lekin ayrim vaziyatlar sabab 3 nafar dzyudochimiz va yetakchi atletlarimiz, afsuski, musobaqalarda qatnasha olmadi. Shu sabab kutilgan natijalar ancha pastlab ketdi. Medallar borasida rejalashtirgan va gʼolib likka asosiy daʼvogar sifatida koʼrilgan atletlarimizning aksariyati ushbu vaziyatdan kelib chiqqan holda, bor imkoniyatlaridan unumli foydalana olmadi. Natijada medallarga daʼvogar bir nechta sportchimizning 5 yillik mehnati natijasi namoyish etilmay qoldi, bu holat delegatsiyaning umumiy kayfiyatiga ham salbiy taʼsir koʼrsatdi. Umuman olganda, matonatli sportchilarimiz har ikki jabhada ham astoydil kurash olib borib, koʼzlagan maqsadlariga erishdi. Paralimpiyachilarimizning Tokio maydonlaridagi azmu shijoati, shashtu shiddati tufayli jahondagi millionlab sport ixlosmandlari Oʼzbekistonning kuch-qudratiga, xalqimiz salohiyat iga yana bir bor tan berdi. Qoʼlga kiritilgan yutuqlarda, albatta, sportchilarning oʼquv-mashgʼulot yigʼinlarini muntazam oʼtkazishi uchun yaratilgan sharoit, tajriba va mahoratini oshirishi, paralimpiya oʼyinlariga yoʼllanma beradigan nufuzli musobaqalarga qatnashishi yoʼlidagi imkoniyatlar, gʼamxoʼrlik va eʼtibor alohida ahamiyat kasb etadi.

    — Davlatimiz rahbarining yuksak eʼtibori tufayli bugun mamlakatimizda xotin-qizlar sportiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bu eʼtiborning samarasi Paralimpiya oʼyinlarida yaqqol namoyon boʼldi. Shunday emasmi?

    — Аlbatta, bugun yurtimizda xotin-qizlar salomatligi, ularning sport bilan shugʼullanishi uchun qulay imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda. Qizlarni bolalikdan sportga qiziqtirish va jalb etish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Taʼkidlaganingizdek, buning samarasi nufuzli musobaqada mamlakatimiz jamoasi tarkibidagi xotin-qizlar qoʼlga kiritgan muvaffaqiyatlar bilan namoyon boʼldi. Natijaga koʼra, 19 medalning 11 tasini qizlarimiz qoʼlga kiritdi. Shu paytgacha yurtimiz sporti tarixida bunday koʼrsatkich qayd etilmagan edi. Qizlarimizning bu gʼalabasi sportimiz tarixida misli koʼrilmagan voqeaga aylandi. Umid qilamizki, bu anʼana davom etadi.

    — Paralimpiya oʼyinlari gʼolib va sovrindorlari tantanali kutib olindi. Delegatsiya aʼzolari bu jarayonni kutganmidi?

    — Yangi Oʼzbekistonga yangi gʼalabalar keltirgan muzaffar sportchilar poytaxt aeroportida munosib kutib olindi. Yuzlab vatandoshlarimizning chempionlarni sharaflash uchun poytaxt koʼchalariga chiqqani, qoʼllab-quvvatlagani barcha sportchilarni quvontirdi. Shaxsan Prezidentimiz taklifi bilan jamoamiz aʼzolari “Yangi Oʼzbekiston” bogʼidagi Mustaqillik monumenti oldida buyuk merosimiz va ajdodlarimiz orzu-istagi boʼlgan majmuada para limpiya oʼyinlari gʼolib va sovrindorlari ishtirokchilari, ularning ota-onalari samimiy muborakbod etildi hamda gʼolib va sovrindorlarga Prezident sovgʼalari topshirildi. Аlbatta, bunday eʼtibor ularga katta ragʼbat beradi. Shu oʼrinda taʼkidlashni istardimki, Oʼzbekiston sport delegatsiyasi aʼzolarining “Yangi Oʼzbekiston” bogʼida taqdirlanishida ham ramziy maʼno bor. Chunki bu gʼoliblar — yangi Oʼzbekiston mevalari. Ular kelgusi musobaqalarda ham Oʼzbekiston sharafini astoydil himoya qiladi.

    — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev XVI Paralimpiya oʼyinlari gʼolib va sovrindorlarini qabul qilib, ularni davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirladi. Uchrashuvda milliy paralimpiya harakatini rivojlantirish borasida ham qator tashabbuslarni ilgari surdi. Mazkur uchrashuvga ham toʼxtalsak.

    — Paralimpiya oilasida yangi sahifa ochildi. Davlatimiz rahbari huzurida boʼlib oʼtgan marosimda delegatsiyamiz aʼzolari yuksak hurmat bilan kutib olindi. Tantanadagi koʼtarinkilik gʼoliblik shohsupasidagi hayajondan baland boʼldi. Chunki davlat rahbarining shaxsiy eʼtirofi, xalqimiz ehtiromi — oliy baxt, bebaho mukofot. Аvval bu kabi eʼtibor kuzatilmagandi. Marosimda Prezidentimiz sportchilarni samimiy tabr ikladi. Ularning dunyo arenasidagi qahramonliklariga alohida toʼxtalib oʼtdi. Ushbu yuqori natijalar yangi Oʼzbekistonning yangi gʼalabalari sifatida eʼtirof etildi. Mustaqillik bayramiga bagʼishlangan tantanada Shavkat Mirziyoyev paralimpiyachilarimizga oʼz ishonchini bildirib, ularni olqishlab, muvaffaqiyat tilagan edi. Shukrki, jamoamiz qiyin vaziyatda ham bir boʼlib harakat qildi, ogʼir vaziyatdan chiqib ketishda oʼzlarida kuch topa oldi.

    Prezidentimizning paralimpiyachilarni “jasorat va matonat timsoli” deya eʼtirof etishi yoshlarni ruhlantirdi, bizning koʼnglimizni faxrga toʼldirdi. Bundan tashqari, mazkur yigʼilishda murabbiylar mehnati, ularning faoliyati katta eʼtiborga munosib koʼrilishi, yangi Oʼzbekiston farzandlari uchun yangi tizim ishlab chiqilishi, viloyatlarda paralimpiya boʼlimlarini tashkil etib, sport maktablarida imkoniyati cheklangan oʼsmir-yoshlar uchun alohida boʼlimlar faoliyati yoʼlga qoʼy ilishi vaqti-soati kelgani, qishki sport turlariga ham alohida eʼtibor berilib, sportchilar uchun sharoitlar yaratilishi haqida soʼz bordi.

    — Uchrashuvda “Matonat maktabi” tashkil etilishi haqida ham aytildi. Bu maktab faoliyati qanday yoʼlga qoʼyilishi kutilmoqda?

    — Prezidentimiz yurtimizda “Matonat maktabi” tashkil etish toʼgʼrisida qaror qabul qilish zarurligini taʼkidladi. Ushbu maktab vakillari boʼlgan yetakchi parasportchilar oʼz tajribalaridan kelib chiqib, yoshlarni iroda va sabrli boʼlishga undashi, Vatanga xizmat qilishga bel bogʼlashi, hayot toʼsiqlaridan mardonavor oʼtishi borasida oʼrnak va namuna koʼrsatishi kerakligini aytdi. Аlbatta, bu borada yangi tizim asosida tez orada yoshlar fikrini oʼzgartiradigan, maʼnaviyatni shakl lantirishga xizmat qiladigan yangi loyihalarni ishlab chiqishni zamon taqozo etmoqda.

    — Prezidentimiz farmoniga muvofiq XVI Paralimpiya oʼyinlari gʼolib va sovrindorlari, murabbiylar davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi. Marosimda ushbu mukofotlarni davlat rahbari oʼz egalariga tantanali topshirdi. Bu eʼtirof va mukofot esa oʼz oʼrnida sizga katta masʼuliyat ham yuklaydi.

    — Davlatimizning bunday eʼtirofi, koʼrsatilgan eʼtibor va gʼamxoʼrlik, albatta, yanada yuqori marralarga erishishda kuch, madad bagʼishlaydi. E ʼtirofga munosib boʼlmoq yurt farzandining qalb toʼridagi ezgu niyatidir. Biz bu eʼtirof va ishonchni oqlashga, Prezidentimiz va xalqimiz uchun a stoy d il xizmat qilishga tayyormiz. Nasib qilsa, yangi Oʼ zbekiston obroʼ-eʼtiborini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilishga harakat qilamiz. Endilikda biz yangicha qarash, belgilab berilgan vazifalarni bajarish ustida izlanishimiz kerak, chunki zamon shiddat bilan oʼzgarmoqda. Ertangi kunimiz uchun bugundan qadam tashlashimiz juda muhim. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, yangi tizim biz uchun katta zamin boʼlishi kerak. XVI yozgi Paralimpiya oʼyinlarida sportchilarimiz namoyon qilgan mahorat, shijoat va matonat — katta jasorat. Mazkur musobaqada paralimpiyachilarimiz sportning 8 turi boʼyicha ishtirok etgan boʼlsa, 2024 yili Parij shahrida boʼlib oʼtadigan XVII paralimpiya oʼyinlarida sport turlari geografiyasini kengaytirib, bundan-da yuqori natijalarga erishishga, yangi Oʼzbekiston dovrugʼini jahonga yoyishiga intilamiz.