Mazkur yig'ilishda 90 dan ortiq davlat Milliy standartlashtirish tashkilotlarining 2000 dan ortiq mutaxassisi ishtirok etdi.
Bosh Assambleya yig'ilishida standartlashtirish, texnik qo'mitalar faoliyatini takomillashtirish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va savdodagi texnik to'siqlarni bartaraf etish masalalari ko'rib chiqildi.
Tadbirda IECning 86-Bosh Assambleya yig'ilish qaroriga ko'ra O'zbekiston Respublikasi 2023-yilning 1-yanvaridan assotsiatsiyaga a'zo bo'lgani e'lon qilindi.
O'zbekistonning Xalqaro IEC tashkilotiga a'zo bo'lishi elektrotexnika va energetika sohalarida zarur bo'lgan xalqaro standartlardan foydalanish;
iqtisodiy integratsiya jarayonlarida IEC xalqaro standartlarini qo'llash, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, zamonaviy texnologiyalar asosida xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, import o'rnini bosuvchi, eksport bozorlarida raqobatbardosh va yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish;
Energetika va elektrotexnika standartlarni ishlab chiqishda ishtirok etish, mazkur sohalarda xalqaro talablar asosida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish imkonini yaratadi.
Tadbir doirasida Evropa standartlashtirish tashkilotlari (CEN-CENELEC), Xalqaro elektrotexnika Komissiyasi (IEC) bilan uchrashuvlar o'tkazildi va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar imzolandi.