Oʻzbekiston tajribasi Janubiy Koreyada namoyish qilindi

    Shu kunlarda Janubiy Koreyada Afrika va Osiyo-Tinch okeani mintaqalari bojxona maʼmuriyatlari uchun “Bojxona sohasida vakolatli iqtisodiy operatorlar tizimini rivojlantirish va bojxona salohiyatini mustahkamlash” mavzusiga bagʻishlangan xalqaro seminar boʻlib oʻtmoqda.

    Jahon bojxona tashkilotining mazkur mamlakatdagi Bojxona inson resurslarini rivojlantirish mintaqaviy institutida 13-marotaba tashkil etilgan ushbu xalqaro tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi vakillari ham ishtirok etishmoqda.

    Tadbir ishtirokchilari Janubiy Koreyada vakolatli iqtisodiy operatorlar faoliyati, ularning mamlakat iqtisodiyotidagi oʻrni hamda ushbu yoʻnalishda amaliyotga joriy etilgan axborot tizimlari bilan tanishishgani barobarida Incheon shahridagi Import Kargo markazida ham boʻlishdi.

    Seminar doirasida Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona rasmiylashtiruvi va nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi katta inspektori Farhod Boltaboyev mavzu yuzasidan Oʻzbekiston tajribasi va qoʻlga kiritilgan natijalar boʻyicha koʻrgazmali taqdimotni oʻtkazdi.

    Taqdimot muhokamalari davomida ishtirokchi davlatlarning koʻplab vakillari vakolatli iqtisodiy operatorlar yoʻnalishida Oʻzbekiston tajribasiga alohida qiziqish bildirishdi.