Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, “Mamlakatimiz tarixda birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo etib saylandi. Yaqinda AQSH Davlat departamenti tomonidan Oʻzbekiston diniy erkinlik sohasidagi «maxsus kuzatuvdagi davlatlar” roʻyxatidan chiqarilgani ham keng koʻlamli demokratik islohotlarimizning eʼtirofidir».

Bu boradagi saʼy-harakatlar davom etib, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini jadal taraqqiy ettirish, mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga qoʻshish sari katta tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Soʻnggi yillarda barcha jabhalar qatori diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar nafaqat mintaqa, balki xalqaro hamjamiyatning ham munosib eʼtirofiga sazovor boʻlayotgani, BMT Bosh Assambleyasining oliy minbaridan ilgari surilgan global va mintaqaviy tashabbuslarimiz dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, qoʻllab-quvvatlanayotgani quvonarli hol, albatta.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Din ishlari boʻyicha qoʻmitalari oʻrtasida tashkil etilgan videomuloqot koʻrinishidagi onlayn anjumanda ham ana jihatlar alohida tilga olindi.

Videomuloqotda Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Abdugʻofur Ahmedov yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, soʻnggi yillarda ajdodlar merosini chuqur oʻrganish va tadqiq etish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish yoʻnalishidagi ishlarni takomillashtirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadisshunoslik maktabi, Mir Arab oliy madrasasi tashkil etilgani va ularning maqsad-vazifalari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

Qayerda boʻlmasin, Oʻzbekiston fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlari ishonchli himoya qilinayotgani, “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari doirasida mojaroli hududlardan bir guruh fuqarolar, asosan, ayollar va bolalar Vatanimizga olib kelingani eʼtirof etildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida oʻz faoliyatini boshlagan ilk kunlardayoq qoʻshni mamlakatlar bilan yaxshi qoʻshnilik aloqalarini yana-da mustahkamlash, mintaqa aholisi birdamligini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratayotgani taʼkidlandi.

Qozogʻiston Axborot va ijtimoiy rivojlanish vitse-vaziri Marat Azilxonov ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, oʻzaro hamkorlikka intilish maqsadi mushtarakligi tufayli barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy jabhada ham aloqalar yangi bosqichga koʻtarilayotganini qayd etdi.

– Biz Oʻzbekiston bilan doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va strategik sheriklik munosabatlari yana-da mustahkamlanib borayotganidan juda mamnunmiz, – dedi M.Azilxonov. – Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlari va ezgu tashabbuslari mintaqa davlatlari uchun ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Oʻzbekiston diniy-maʼrifiy yoʻnalishda boshqalarga namuna boʻladigan oʻziga xos yoʻl va uslubga, buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi kurash va aholi turli buzgʻunchi kuchlar taʼsiriga tushmasligi uchun eng samarali vositalarni qoʻllash maktabiga ega davlat. Biz doimo Oʻzbekiston tajribasini oʻrganishga oshiqamiz va amaliyotda joriy etish choralarini koʻramiz. Chunki bu tajriba nafaqat mintaqa mutaxassislari, balki xorijlik ekspertlar tomonidan ham yuqori eʼtirof etiladi. Yaqinda amerikalik ekspertlar bilan muloqotimizda Oʻzbekistonda qabul qilinishi kutilayotgan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi alohida tilga olinib, u puxta va mukammal ishlab chiqilgani qayd etildi. Qozogʻistonda ham ushbu yoʻnalishdagi qonunchilikni yana-da takomillashtirish ustida ish olib borilmoqda. Bunda Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish, bu borada oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi biz uchun juda muhim.

Tomonlar oʻrtasida kechgan oʻzaro muloqotda, gʻoyaviy xilma-xillik kuzatilayotgan bugungi kunda yot gʻoyalarga qarshi kurashish tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgani, ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik kun tartibidagi muhim masalalardan ekani, ayniqsa, oʻzbekistonlik imom-xatiblar tomonidan Qozogʻistonning janubiy hududlarida oʻtkazilgan tadbirlar ijobiy samara berayotgani, ularning bilimi, tajribasi yuqoriligi alohida taʼkidlandi.

Oʻzbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi imkoniyatlari yuqori baholanib, ushbu yoʻnalishda oʻzaro fikr almashildi va kelgusidagi rejalar belgilab olindi.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston va Qozogʻiston diniy ulamolarining bu kabi hamkorligi turli guruhlar tomonidan yoshlarni toʻgʻri yoʻldan adashtirishga urinishlar avj olayotgan davrda moʻtadillik, bagʻrikenglik, hamjihatlik va oʻzaro tushunib yashashga intilishdek olijanob fazilatlarni asrab-avaylashga zamin yaratadi hamda ikki mamlakat oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik rishtalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ilhom MAʼRUPOV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Din ishlari boʻyicha qoʻmita masʼul xodimi