2022-yil dekabrda ishga tushirilgan ushbu platforma bugun oʻqituvchilar, talabalar va ota-onalar uchun ishonchli manbaga aylangan. Nashr 2023-yil 24 sentyabrda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan roʻyxatga olingan.

Saytda bir nechta asosiy rukn mavjud. “Yangiliklar” ruknida taʼlim sohasidagi eng dolzarb voqealar yoritiladi. “Maqolalar” ruknida esa jahon tajribasi, ilmiy-ommabop tahlillar va tadqiqotlar chop etiladi. “Grantlar” rukni oʻquvchilar, talabalar va tadqiqotchilar uchun eng yaxshi xalqaro hamda mahalliy dasturlar haqida maʼlumot beradi.

Platformaning oʻsish surʼati ham eʼtiborga molik. “Yandex Metrika” tahliliy tizimi maʼlumotlarida qayd etilishicha, 2025-yil sentyabr oyi holatiga koʻra, kuniga oʻrtacha 100 mingdan ortiq, oyiga esa 2 millionga yaqin oʻquvchi qamrab olinmoqda. Saytdagi koʻruvlar soni bir oyda 5 milliondan oshgan.

Shuningdek, 2025-yil fevral – avgust oylarida eʼlon qilingan xabar va maqolalar umumiy hisobda 24 million marta oʻqilgan, tashriflar soni esa 16 milliondan ortgan.

Bundan tashqari, milliy qidiruv tizimi maʼlumotlariga koʻra, Talimxabarlari.uz Oʻzbekistondagi eng mashhur saytlardan biri sifatida yetakchi 10 talikdan oʻrin egallab kelmoqda. 2025-yil avgustda sayt ushbu reytingda 8-oʻrinni band etgan.

Nashr auditoriya bilan bevosita muloqotda boʻlishga alohida eʼtibor qaratadi. Deyarli har oyda oʻtkaziladigan interaktiv test sinovlari orqali gʻoliblarga qimmatbaho sovgʻalar, kitoblar toʻplami va pul mukofoti topshiriladi. Bu tashabbus oʻquvchilarni jalb etish barobarida ularning taʼlim jarayonidagi ishtirokini ham kuchaytiradi.

Talimxabarlari.uz nafaqat matnli, balki video koʻrinishdagi yangiliklarni ham tarqatmoqda. Bugun uning Telegram, Instagram, YouTube, Facebook, X (Twitter) kabi ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalari ochilgan.

Telegramdagi obunachilar soni 110 mingdan oshgan boʻlsa, instagramda qariyb 10 ming, feycbukda esa 5 mingga yaqin kuzatuvchisi mavjud. Bu raqamlar boshqa tarmoqlar bilan qoʻshilganda yanada ortib, nashrning ijtimoiy mediadagi mavqei mustahkam ekanini koʻrsatadi.

Kelgusida Talimxabarlari.uz faoliyatini yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Jamoa yangi ruknlar ochish, xalqaro taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, multimedia mahsulotlari va podkast loyihalarini ishga tushirishni maqsad qilgan.

Umuman olganda, sayt qisqa muddatda oʻquvchilariga yaqinlashuvi, taʼlim sohasidagi yangiliklarni tezkor va qulay shaklda yetkazishi tufayli eʼtirof etilmoqda. U bugun nafaqat maʼlumot manbai, balki taʼlim jamoatchiligi uchun foydali axborot platformasi sifatida ham xizmat qilmoqda.