Oʻzbekiston taʼlimi tizimi yutuqlari xalqaro maydonda yana bir bor eʼtirof etildi. Toshkent shahridagi Prezident maktabi Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi nufuzli mukofotning “Global oʻrta maktablar” nominatsiyasida gʻolib deb topildi.
Maktab oʻquvchilari Pahlavon Gʻulomov va Asilbek Ashrapov hamda ularning ustozi Sohibxon Azizovning yomgʻir suvini ichishga yaroqli darajagacha qayta ishlash loyihasi gʻalabani qoʻlga kiritdi. Tanlovga 156 ta davlatdan jami 5980 ta ariza kelib tushgan edi.
Abu-Dabida mukofotni oʻquvchilarga Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon shaxsan topshirdi.
«Yoshlarimizning bu ajoyib muvaffaqiyati barchamizga gʻurur va iftixor bagʻishlaydi, shuningdek, Prezidentimiz tanlagan barqaror va “yashil” rivojlanish yoʻli naqadar toʻgʻri ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Biz oʻquvchilarimizga yanada yuksak yutuqlar va yangi zafarlar tilaymiz,« — deb yozadi Oʻzbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.