Oʻzbekiston Afgʻonistondagi, jumladan, chegaradosh shimoliy viloyatlardagi harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Qoʻshni mamlakatda zoʻravonlikning ortishi chuqur xavotir uygʻotmoqda. Koronavirus pandemiyasining yangi toʻlqini sharoitida keskinlikning kuchayishi afgʻon xalqi hayotini yana-da murakkablashtirmoqda.

Ixtilofga aloqador barcha tomonlarni kuch ishlatishdan tiyilishga hamda tinch aholi orasida qurbonlar kelib chiqishiga yoʻl qoʻymaslikka chaqiramiz.

2021-yilning 23-iyun kuni 53 nafar afgʻon chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar Shoʻrtepa tumani hududidan Oʻzbekistonga oʻtdi.

Zaruriy surishtiruv va tergov tadbirlari oʻtkazilganidan soʻng ushbu afgʻon fuqarolari vataniga qaytarildi.

Oʻzbekiston hududiga noqonuniy kirishga qilingan har qanday urinishlar qatʼiy bartaraf etiladi, davlat chegarasini buzganlarga esa eng keskin choralar koʻriladi.

Oʻzbekiston tomoni Afgʻoniston bilan anʼanaviy doʻstona va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini asrash, betaraflikni saqlash hamda qoʻshni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligini qatʼiy maʼlum qiladi.

Oʻzbekiston hukumati birodar afgʻon xalqini har tomonlama iqtisodiy va gumanitar yordam koʻrsatish, jumladan, mamlakatda mustahkam va keng qamrovli tinchlik oʻrnatilishiga xizmat qiladigan yirik energetika va transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali koʻmak berishda davom etadi.