Oxirgi bir necha yil barcha sohalarda amalda oshirilgan ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar, tub islohotlar va bu borada erishilgan ulkan yutuqlar miqyos jihatidan mustaqil Oʻzbekiston tarixida misli koʻrilmagan hodisa boʻldi va xalqaro munosabatlar, tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalarda yangi davrni boshlab berdi. Ayni paytda, muvaffaqiyat bilan amalga oshirilgan muhim tashqi siyosiy tashabbuslar natijasi oʻlaroq, xalqaro maydonda keng miqyosdagi yuksak natijalarga erishilmoqda.
Maʼlumki, zamonaviy xalqaro munosabatlar ularda koʻp tomonlama diplomatiyaning roli ortib borayotganligi bilan ham xarakterlanadi. Koʻp tomonlama diplomatiya xalqaro hayotning Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) va boshqa universal xalqaro tashkilotlarning faoliyati bilan bogʻliq koʻplab muhim jabhalarini qamrab oladi. Oʻtgan qisqa davrda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatining belgilovchi asosiy yoʻnalishlaridan biri — turli xil universal va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida BMT va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan sherikligimiz sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi.
Xalqaro munosabatlardagi hozirgi murakkab sharoitda Oʻzbekiston tashqi siyosiy faoliyatida jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv, shu jumladan, BMT bilan har tomonlama oʻzaro manfaatli va konstruktiv hamkorlik aloqalarini yanada taraqqiy ettirish yoʻnalishi jadal ilgarilamoqda va uni tartibga solishga qaratilgan davlat siyosati ham evolyutsion rivojlanish yoʻlidan ketmoqda.
BMTning yuqori minbaridan Oʻzbekiston bugun dunyoni tashvishga solayotgan dolzarb masalalar boʻyicha nafaqat munosabat bildiruvchi, balki ularning yechimi boʻyicha aniq taklif berayotgan, kun tartibini oʻz mavqeiga ega davlat sifatida oʻzini namoyon qilmoqda.
BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”, “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik”, “Markaziy osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” deb nomlangan uchta maxsus rezolyutsiyalari qabul qilinishi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan maʼqullanishi Oʻzbekistonning BMT faoliyatiga qoʻshayotgan hissasining eʼtirofidir. Oʻzbekiston BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini qabul qilishga doir yana bir tashabbusni ilgari surmoqda.
Oʻzbekiston va BMT: oʻzaro hamkorlik
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga, davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan, davlatlar xalqaro hayoti va hamkorligining barcha yoʻnalishlarida faoliyat koʻrsatadigan betakror, tarixan muhim va universal tashkilotdir. 1945-yil 24-oktyabrda kuchga kirgan BMT Nizomida tashkilotning tuzilmasi, mojarolarni hal qilish va tajovuzkor harakatlar, tinchlik va xavfsizlikka tahdidlarga javob berishning asosiy tamoyillari mustahkamlangan. Ushbu sana BMT tashkil topgan kun sifatida butun dunyoda keng nishonlanadi. Tashkilot tuzilgandan keyin oʻtgan deyarli 75 yil ichida birinchi va ikkinchi jahon urushlariga oʻxshash urush boshqa yuzaga kelmasligi uchun xalqaro munosabatlarni mustahkamladi. Hozirgi kunda BMT zamonaviy xalqaro munosabatlarning butun tizimidagi markaziy institutsional boʻgʻin hisoblanadigan muqobili yoʻq universal tashkilotdir.
Maʼlumki, bundan 28 yil oldin, 1992-yil 2-mart kuni yangi suveren davlat —Oʻzbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatining teng huquqli aʼzosiga aylandi. Shundan buyon biz oʻz masalalarimizni hal etishda har doim BMTning koʻmagiga tayanib kelmoqdamiz.
Global munozaralarning birinchisi — “Oʻzbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi hamkorlik” deb nomlandi. Anjuman 2020-yil 26-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari hamda BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan videokonferensaloqa shaklida tashkil etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Forum ishtirokchilariga murojaatida taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda oʻz zimmamizga olgan majburiyatlarimizni ogʻishmasdan bajarib kelmoqdamiz. Bu biz amalga oshirayotgan, 2017-2021-yillarga moʻljallangan Milliy harakatlar strategiyasining eng muhim yoʻnalishlaridan biridir”.
Global munozaralarning ikkinchisi — 2020-yil 21-iyul kuni “Barqaror rivojlanish maqsadlari va barqaror ijtimoiy taraqqiyot: COVID-19 asoratlaridan keyin samarali tiklanish” mavzuida videokonferensaloqa shaklida tashkil etildi. Unda parlament palatalari, tegishli vazirlik va idoralar, BMT va uning ixtisoslashtirilgan tuzilmalari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Global munozaralarning uchinchisi — 2020-yilning 12-13-avgust kunlari oʻtkazilgan “Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzuidagi Samarqand veb-forumi. Bu global munozara, Oʻzbekiston Prezidenti taʼbiri bilan aytganda, “Nafaqat mamlakatimiz, balki jahon yoshlari hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi”. Unda “Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Taʼkidlash joizki, 2020-yil 13-oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida Oʻzbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga uch yil muddatga — 2021-2023-yillarga saylanishi mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning jahon hamjamiyati tomonidan toʻliq eʼtirof etilayotgani belgisi hamda bu Oʻzbekistonning BMT doirasidagi muhim xalqaro tashabbuslar ijodkoriga aylanib borayotganidan dalolat.
Shu tariqa Oʻzbekiston hamda BMT oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik muvaffaqiyat bilan ravnaq topmoqda. Bundan keyin ham Oʻzbekiston Respublikasining jahondagi yirik xalqaro tashkilot BMT bilan munosabatlari tenglik va manfaatli sheriklik asosida rivojlanib boraveradi.
Shuhrat RAHMONOV,
Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi dotsenti,
yuridik fanlar nomzodi










