Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan tashkillashtirildi.

Uchrashuv ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov, Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adxam Bekmurodov, BMTning Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Roli Astxan va boshqalar soʻzga chiqdilar.

V.Norov oʻz maʼruzasida bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatning milliy manfaatlarini samarali ilgari surish va zamonaviy xalqaro muammolarga munosib javob qaytarish imkonini beruvchi ochiq, izchil va chuqur oʻylangan tashqi siyosat yoʻlini amalga oshirayotganini taʼkidladi.

Davlat rahbari tashabbusi bilan “2017-2021-yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi”da belgilangan aniq va uzoq muddatli maqsadlarga erishildi. Oʻzbekistonning mintaqaviy va xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Taraqqiyot strategiyasining amalga oshirilishi natijasida Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlar, jahonning yetakchi davlatlari va xalqaro institutlari bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari sifat jihatidan yangi, misli koʻrilmagan jadal bosqichga koʻtarildi.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlar davrida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasida oʻz ifodasini topgan tashqi siyosatning yangi, yanada muhim va dolzarb maqsad va vazifalarini belgilab berdi.

Hozirgi kunda jahonda roʻy berayotgan, geosiyosiy keskinlikning kuchayishi bilan tavsiflanayotgan global oʻzgarishlar Markaziy Osiyo davlatlari, qoʻshni va boshqa mintaqalar uchun ham salbiy taʼsir koʻrsatyapti. Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasi va uning yangi shtammlari sabab davom etayotgan pandemiya toʻsiqlari va cheklovlari xalqaro hamkorlikning barcha sohalarida, birinchi navbatda, iqtisodiy va logistika aloqalarida salbiy aks etyapti.

Hozirgi sharoitda tashqi siyosiy faoliyat jugʻrofiyasini yanada kengaytirish, xorijiy sheriklar, eng avvalo, qoʻshni davlatlar bilan turli darajada va ustuvor yoʻnalishlardagi hamkorlikni faollashtirish, mintaqa va jahonda roʻy berayotgan oʻzgarishlarni tizimli monitoring qilish, yuzaga kelayotgan tahdidlarga oʻz vaqtida va har tomonlama javob berish zarurligi qayd etildi.

Davra suhbati doirasida V.Norov OAV vakillarining qator savollariga ham javob berdi.

***

Tarmoq sessiyalari davomida uchrashuv ishtirokchilari Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining dolzarb va ustuvor yoʻnalishlari hamda zamonaviy xavf va tahdidlarni hisobga olgan holda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va yutuqlarni atroflicha muhokama qildilar.

Tashqi siyosatda Yangi Oʻzbekistonning ijobiy xalqaro imidjini ilgari surish, mamlakatning jahon hamjamiyatidagi yetakchi oʻrni va nufuzli xalqaro reytinglardagi yuksak mavqeini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar va tashabbuslar koʻrib chiqildi.

Vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot va ekspert-tahliliy muassasalari vakillarining tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyatning turli yoʻnalishlariga bagʻishlangan maʼruzalari tinglandi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Tadbir yakunlari boʻyicha maʼruzachilarning tegishli tavsiya va takliflarini oʻz ichiga olgan maxsus toʻplam nashr etish rejalashtirilgan.