Talabga muvofiq har bir bitimning qonuniyligi va haqiqiyligini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek, kontragentni tanlashda lozim darajada ehtiyotkorlik qilganligini va mol yetkazib beruvchining oʻz shartnomaviy majburiyatlarini bajarganligini tasdiqlovchi dalillar taqdim etildi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmatining xabar berishicha, har bir holatni alohida chuqur tanqidiy koʻrib chiqilishi natijasida taqdimnomada keltirilgan 18,8 mlrd. soʻmlik holatdan 530 mln. soʻmlik shartnomalarida (yaʼni 2,8% qismi) bitim tuzgan mahsulot yetkazib beruvchi tashkilotlar toʻlashlari lozim boʻlgan qoʻshimcha qiymat soligʻini toʻlamaganliklari aniqlangan.
"Insofsiz tadbirkorlar tomonidan toʻlanmagan 69 mln. soʻm qoʻshimcha qiymat soligʻi aybdor shaxslardan undirildi va oʻrnatilgan tartibda soliqqa yoʻnaltirilmoqda.
Achinarlisi shundaki, shubhali kontragentlar bilan tuzilgan shartnomalarning aksariyat qismi tovar xom ashyo birjasi savdo platformalari orqali rasmiylashtirilgan. Ushbu yoʻnalishda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Davlat soliq qoʻmitasiga kontragentlarni ishonchli soliq toʻlovchi korxonaligi oʻrganilganidan soʻng tovar xom ashyo birjasi savdo platformalariga qoʻyilishi boʻyicha oʻz taklifini kiritdi.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati oʻzining “ishonchli soliq toʻlovchi” imijini saqlab qolish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini davom ettiradi", deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Davlat soliq qoʻmitasi “obnal firma”lar bilan “soxta” bitimlar tuzgan davlat aksiyalari boʻlgan 206 ta korxonalar roʻyxatini eʼlon qilgan edi. Ushbu roʻyxatga “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Oʻzmetkombinat”, “Oʻzbekneftgaz”, “Turonbank”, “Ipak yoʻli bank” , “Trastbank”, “Ippodrom” va boshqalar kiritilgan boʻlib, ularning soni 200 dan ortiq.