Tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad — yo'lovchi vagonlarini qatnovga tayyorlash jarayoni, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda zamonaviy texnologiyalarning amaliyotga joriy etilishini keng jamoatchilikka yaqindan tanishtirishdan iborat bo'ldi.

Press-tur dastlab Toshkent yo'lovchi vagonlarni texnik va texnologik tayyorlash, ta'mirlash filialida boshlandi. Jurnalistlarga vagonlarni reysga tayyorlash bosqichlari, texnik ko'rik, rejali ta'mirlash ishlari, xavfsizlik choralari hamda zamonaviy uskunalardan foydalanish jarayonlari haqida atroflicha ma'lumot berildi. Ta'kidlanganidek, ekspluatatsiya muddati tugab borayotgan eski vagonlar bosqichma-bosqich harakatdan chiqarilib, ular o'rniga yangi vagonlar xarid qilinmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Prezidentning 2023-yil 10-oktabrdagi PQ–329-son qaroriga muvofiq, temir yo'l sohasini tubdan isloh qilish va xizmat sifatini oshirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

2025-yilda 51 ta zamonaviy yo'lovchi vagonlari foydalanishga topshirildi. 2026 – 2030-yillar davomida esa har yili 40 tadan yangi vagon xarid qilinib, jami 200 ta vagon ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihalar O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi hamda jamiyat mablag'lari hisobidan moliyalashtirilmoqda.

— Yangi vagonlar zamon talablari asosida jihozlangan deydi, — Toshkent yo'lovchi vagonlarni texnik va texnologik tayyorlash, ta'mirlash filiali boshlig'i Botir Karimov. — Xususan, 180 darajaga buriladigan yumshoq o'rindiqlar, USB va elektr quvvatlagich portlari, individual yoritish chiroqlari, yig'ma stolchalar, biotualet tizimi va energiya tejamkor elektr ta'minoti joriy etilgan. Bu esa yo'lovchilar uchun yanada qulay va xavfsiz safar sharoitini yaratadi.

Press-tur doirasida OAV vakillari “O'ztemiryo'lyo'lovchi” aktsiyadorlik jamiyati faoliyati bilan ham tanishdilar. Yo'lovchilarga ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, servis darajasini yaxshilash va yangi loyihalarni amalga oshirish borasida taqdimot o'tkazildi. Bugungi kunda ayrim yo'nalishlar to'liq yangi vagonlar bilan ta'minlangan bo'lib, kelgusida barcha asosiy yo'nalishlarni bosqichma-bosqich yangilash rejalashtirilgan.

Shundan so'ng ishtirokchilar Toshkent markaziy temir yo'l vokzali infratuzilmasi bilan tanishdilar. Vokzalda sensorli eskalatorlar, elektron turniket tizimi, QR-kodli chiptalar, o'z-o'ziga xizmat ko'rsatuvchi infokioskalar va raqamlashtirilgan chipta sotish tizimi joriy etilgan. Yangi tizim orqali yo'lovchilar chiptani tez va qulay tarzda xarid qilishi, yo'qotilgan chiptani elektron shaklda qayta tiklashi mumkin.

Tadbir davomida Afrosiyob yuqori tezlikdagi poezdida kelgan yo'lovchilar bilan suhbatlar tashkil etildi. Ular yangi vagonlardagi qulayliklar, servis sifati va vokzal infratuzilmasidagi yangilanishlar yuzasidan ijobiy fikrlar bildirdilar.

Shuningdek, kelgusida zamonaviy tezyurar poyezdlar harakatini kengaytirish maqsadida ayrim temir yo'l uchastkalarini modernizatsiya qilish va elektrlashtirish ishlari amalga oshirilishi ma'lum qilindi. Bu loyihalar yuqori tezlikda harakatlanuvchi poezdlar sonini oshirish va hududlar o'rtasidagi qatnov vaqtini qisqartirishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur press-tur temir yo'l sohasida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, xizmat ko'rsatish sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar va zamonaviy texnologiyalarning amaliyotga tatbiq etilishi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat transport tizimini yangi bosqichga olib chiqib, yo'lovchilarga yanada qulay va zamonaviy xizmat ko'rsatishga zamin yaratmoqda.

Zulxumor Akbarova