Oʻzbekiston Tojikiston bilan hududlararo koʻp qirrali hamkorlikni chuqurlashtiradi

    Biznes 28 Iyun 2021 733

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Tojikiston Respublikasining Sugʻd viloyati Raisi R.Axmadzodani qabul qildi.

    Muzokaralar chogʻida tomonlar koʻp qirrali oʻzbek-tojik hamkorligiga oid keng koʻlamli masalalarni muhokama qilib, qishloq xoʻjaligi sohasida hududlararo munosabatlar va hamkorlik yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratdilar.

    Qayd etilishicha, joriy yilning iyun oyida Tojikistonga oliy darajadagi tashrif yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston va Tojikiston viloyatlari maʼmuriyatlari oʻrtasida umumiy qiymati qariyb 100 million dollarlik 30 qoʻshma loyihani amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi va 300 million dollardan ortiq qiymatdagi 250 dan ortiq savdo shartnomalari imzolandi.

    Tomonlar ikki davlat hududlari oʻrtasida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha birgalikda ish olib borishga tayyorligini hamda kelishilgan loyihalarni amalga oshirish va ilgari surish borasida faol hamkorlik qilishga sodiqligini bildirdi.

    Agrosanoat sohasida investitsiya loyihalari portfelini kengaytirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi - aniq investitsiya takliflari koʻrib chiqildi, ular ustida ishlash va amalga oshirish boʻyicha keyingi saʼy-harakatlar rejalashtirildi.

    Qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Jumladan, meva-sabzavot mahsulotlari va qishloq xoʻjaligi ekinlarining oʻzaro yetkazib berishning muhim salohiyati qayd etildi. Meva-sabzavotlarning elita navlarini yetishtirishga moʻljallangan tomchilatib sugʻorish tizimiga ega zamonaviy issiqxonalar va intensiv bogʻlar yaratish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar alohida taʼkidlandi.

    Muloqot chogʻida Tojikiston delegatsiyasi rahbari Tojikistonda klaster yondashuvi asosida toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini joriy etishga qiziqish yuqoriligini qayd etdi. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarish obyektlarini yaratishni nazarda tutgan holda yetakchi oʻzbek toʻqimachilik ishlab chiqaruvchilari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik oʻrnatishga tayyorlik bildirildi.

    Ipakchilik va charm-poyabzal sohalaridagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar yaqin kelajakda Oʻzbekistonning Toshkent viloyati tadbirkorlari ishtirokida Tojikistonning Sugʻd viloyatida ipakni qayta ishlash zavodlarini tashkil etish va charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha aniq takliflarni shakllantirishga kelishib oldilar.

    Urugʻchilik, paxtachilik, chorvachilik, uzumchilik va boshqa sohalardagi ilmiy ishlanmalarni oʻzaro almashish va joriy etish maqsadida Oʻzbekiston va Tojikiston qishloq xoʻjaligi taʼlim va ilmiy muassasalari oʻrtasida bevosita oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar hamkorlikning muhokama qilingan yoʻnalishlarini ilgari surish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni bayon etdilar. Yaqin vaqtlarda yangi investitsiya loyihalari ishlab chiqilib, kelishilgani bilan ularni amalga oshirish boʻyicha tegishli “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.